Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida bog‘cha xodimlari ko‘p qavatli uylarning pod’ezdlarini tozalashga jalb qilingani yuzasidan viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi munosabat bildirdi. Ushbu mavzuni yoritgan Kun.uz bog‘cha tarbiyachilari tozalash ishlariga shahar hokimining topshirig‘i bilan chiqarilganini ma’lum qilgan edi.

MTB xabariga qayd etilishicha, holat 17 fevral kuni boshqarma, Zarafshon MTB hamda boshqa mas’ullar tomonidan atroflicha o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, tozalash ishlarida qatnashayotgani aks etgan suratdagi fuqarolar haqiqatdan ham Zarafshon shahridagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ishlayotgan xodimlar bo‘lgan. Ularning ixtiyoriy bergan tushuntirishlariga ko‘ra, fuqarolar o‘zlarining yashash uylarini ish vaqtidan tashqari va dam olish kunlarida qo‘shnilari bilan kelishilgan holda doimiy ravishda tozalab turishini bildirgan. Ular bu ishlarni qilishga ularni hech kim majbur qilmagani va tarqalgan suratlarni kim olganidan xabari yo‘qligini aytishgan.

Mazkur holat bo‘yicha Zarafshon shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi ham rasmiy munosabat bildirdi.

«Odamlarning o‘z xonadonini obod qilishi, ko‘p qavatli uyining yo‘laklarini tozalashi qachondan beri majburiy mehnatga aylandi ekan? Kun.uz telegram kanalida e’lon qilingan maqola mazmunidan anglash mumkinki, o‘z uyingni tozalasang „MAJBURIY MEHNAT“ bo‘lar ekan. Mana shu maqola orqali bizning asl ildizlarimizga, azaliy qadriyatlarimizga, o‘zligimizga bolta urilmayaptimikan? Axir o‘z uyini tozalashi yoki obod qilishi haqida unga tavsiya berilishi, aytilishining nimasi yomon?» — deyiladi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi (MOQQB) bayonotida.

MOQQB mazkur tadbir yoki tashabbusda faqatgina maktabgacha ta’lim muassasalari xodimlari emas, balki butun shahar aholisi, barcha tashkilot va korxonalar faol ishtirok etayotganini ma’lum qildi.

«Ular o‘z xonadoni, mahallasi, shahri obodligiga, rivojiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Va bundan keyin ham shunday bo‘ladi. Bugun yashab turgan zamondoshlarimiz, yaqinlarimiz, ota-onamiz, hozirgi avlod ham qalblar pokligini, xonadonlar obodligini ko‘rib, shunga o‘z hissasini qo‘shib yashayapti», — deyiladi xabarda.