DXX Xorazmda o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda firigarlikda gumon qilingan shaxslarni qo‘lga oldi.

Xonqa tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi ikkita MCHJ faoliyatlari bo‘yicha o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasiga ko‘ra, budjetga qo‘shimcha hisoblangan 720 mln so‘mlik soliq to‘lovlarini tanish hamkasbi imkoniyatlari orqali kamaytirib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga ushbu MCHJlar rahbaridan 5 ming AQSh dollari olgan vaqtida qo‘lga tushgani aytilmoqda.

Xorazmda aniqlangan boshqa bir holatda esa kredit olib berishga uringan fuqarolar ushlangani aytilmoqda.

Hazorasp tumanida yashovchi 1980 y.t., muqaddam sudlangan ikki fuqaro Urganch shahridagi MCHJlardan birining rahbari yuk avtomashinalari xarid qilish uchun 10 mlrd so‘m miqdorida kredit olmoqchi ekanligidan xabar topib, unga bu borada tanishlari orqali yordam berishlarini aytishgan.

Buning evaziga 45 ming AQSh dollar talab qilishgan. Shundan 15 ming dollarni avans sifatida olganida qo‘shga tushgan.

Har ikkala holat yuzasidan gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i fakultetlardan birida aniqlangan kamchiliklar dekanga salbiy ta’sir qilmasligi va uni lavozimida qolishini ta’minlash evaziga 100 ming dollar olganida qo‘lga tushgani haqida yozgandik.