2022 yilning aprel oyidan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarga tayinlanadigan nafaqalarning miqdorlari birxillashtiriladi va doimiy parvarishga muxtoj nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi shaxslarga yangi nafaqa joriy etiladi.

Bu prezident 17 fevral kuni imzolagan farmonda qayd etilgan, deb xabar bermoqda Moliya vazirligi Axborot xizmati.

Ta’kidlanishicha, oldingi tartibga ko‘ra, bolalikdan nogiron bo‘lgan shaxslarga 622 ming so‘m miqdorida nafaqa to‘langan. Hayoti davomida nogiron bo‘lib qolgan shaxslarga esa 440 ming so‘m nafaqa berilgan.

Prezident farmoniga asosan endi nogiron bo‘lib qolishi muddatidan qat’iy nazar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil miqdorda 622 ming so‘mga teng nafaqa tayinlanib boriladi. Dastlabki hisob-kitoblarga asosan 49 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa 41 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirishga 2022 yilga qo‘shimcha 81 mlrd so‘m ajratiladi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarga beriladigan nafaqa miqdoridan past bo‘lgan nogironlik pensiyalari miqdori 622 ming so‘mgacha yetkaziladi. Bunda, nogironlik pensiyasini oluvchi 133 ming shaxslarning pensiya miqdori o‘rtacha 29 foizga oshadi. Mazkur chorani amalga oshirishga 2022 yilda qo‘shimcha 140 mlrd so‘m Pensiya jamg‘armasi hisobidan ajratiladi.

Doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi ona (ota)larga minimal iste’mol xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda — 500 ming so‘m nogiron bola parvarishi uchun yangi nafaqa joriy etilmoqda. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 30 mingdan oshiq nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi onalar uchun davlat budjetidan 2022 yilda qo‘shimcha 157 mlrd so‘m ajratiladi.

«Nogironligi bo‘lgan farzandning parvarishlayotgan onalar daromad keltiruvchi faoliyatini yuritish imkoni bo‘lmaydi va shundan qilib chiqib bunday oilalarning ijtimoiy xatarlarga zaifligi oshib boradi. Yangi nafaqa joriy etilishi natijasida nogironligi bo‘lgan bolalarning parvarishlayotgan onalar kafolatlangan bazaviy daromad manbai bilan ta’minlanadi», — deyiladi vazirlik xabarida.