Bitta postda 3 yil ishlagan bojxonachilar rotatsiya qilinadi

Prezident payshanba kungi yig‘ilishda bojxonachilarning halol ishlashini ta’minlash maqsadida bitta postda 3 yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinishini aytdi. Qolaversa, tizimdagi xodimlar daromadi va mol-mulki deklaratsiya qilinadi, 1 martdan esa barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.

22 ta bojxona postini zamonaviy uskunalar bilan jihozlashga 370 mlrd so‘m ajratiladi

O‘zbekistonga yil boshidan beri 364 kg giyohvandlik vositasi hamda 181 mlrd so‘mlik tovarlar noqonuniy kirib kelishining oldi olingan. Shavkat Mirziyoyev kontrabandaga qarshi kurashish maqsadida 80 foiz tovar kirib keladigan 22 ta bojxona postini 3D-skaner, rentgen apparati, videokuzatuv kamerasi, transport tarozisi kabi uskunalar bilan jihozlashga ko‘rsatma berdi. Buning uchun esa 370 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Prezident bojxona xizmatlarini 2023 yilda to‘liq raqamlashtirishni buyurdi

Prezident bojxona ma’murchiligini yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda «Bojxona boshqa davlat idoralariga namuna bo‘lishi kerak», deya qayd etdi. Prezident topshirig‘iga ko‘ra, yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizim ishga tushiriladi.

Bojxona xodimlari va ularning farzandlariga OTMga kirishda alohida kvota ajratiladi

Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tayotgan bojxona tizimi transformatsiyasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda bojxona xodimlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish masalalariga e’tibor qaratildi. Jumladan, bojxona xodimlari va ularning farzandlari uchun oliy o‘quv yurtlariga kirishda alohida kvota ajratilishi ma’lum qilindi.

Bobur ko‘chasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda

Toshkentdagi Bobur ko‘chasini rekonstruksiya qilish rejalashtirilmoqda. Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinov fuqarolarni binolar fasadini yangilash, velosiped yo‘laklarini tashkil etish, piyodalar yo‘laklarini ko‘kalamzorlashtirishni o‘z ichiga olgan dastlabki loyiha bilan tanishtirdi. Rekonstruksiya moddiy madaniy meros obektlari, jumladan, tuman hokimligi, «ToshkentboshplanLITI» ITI va 7-uyga ham taalluqli.

YTHlar soni yil davomida 43 foizga, o‘lim — 24 foizga ko‘paydi

2020 yilda pandemiya davrida baxtsiz hodisalar hamda ularda halok bo‘lgan va jarohatlar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlar kamayganidan so‘ng, 2021 yilda bu ko‘rsatkichlar keskin oshdi. Baxtsiz hodisalarning asosiy sabablari tezlikni oshirish va harakatni noto‘g‘ri tashkil etishdir. Piyodalar o‘tish yo‘laklarida qancha odam urib yuborilgan bo‘lsa, belgilanmagan joylarda ham shuncha odam qurbon bo‘lgan.

O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng qimmat terma jamoasi, Shomurodov eng qimmat futbolchi bo‘ldi

Germaniyaning Transfermarkt sayti Markaziy Osiyo mamlakatlari futbol terma jamoalari reytingida O‘zbekiston terma jamoasi 31,80 mln yevroga baholanib, mintaqa reytingida peshqadam bo‘ldi. Eldor Shomurodov (12 mln yevro) esa ushbu mintaqaning eng qimmat futbolchisi deya qayd etilgan. Reytingda oxirgi o‘rinni Turkmaniston jamoasi egallagan.

Shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov Chempionlar turida ishtirok etadi

Tezkor shaxmat bo‘yicha jahon chempioni Nodirbek Abdusattorov Meltwater Chempionlar turida ilk o‘yinini o‘tkazadi. U birinchi bo‘lib gollandiyalik grossmeyster Anish Giriga qarshi o‘ynaydi, shuningdek, Magnus Karlsen, Din Lijen, Yan Nepomnyaiy, Levon Aronyan va boshqa shaxmatchilar bilan ham bellashadi.

Yunon-rum kurashchisi Sultonbek Elmuratov doping tufayli 4 yilga sportdan chetlatildi

Yunon-rum kurashchisi Sultonbek Elmuratovdan 2021 yil oktabr oyida musobaqadan tashqari davrda olingan doping sinamasidan taqiqlangan Furosemid moddasi aniqlangan. Sportchi 2025 yil 22 dekabrga qadar sportdan chetlatildi.

O‘zbekistonga yana 2,8 million doza Moderna vaksinasi keltirildi

O‘zbekistonga COVAX global dasturi doirasida yana 2,8 milliondan ortiq Moderna vaksinasi keltirildi.

S7 Airlines aviakompaniyasi Yekaterinburgdan Farg‘onaga reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda

Rossiyaning S7 Airlines aviakompaniyasi Yekaterinburg shahridan Farg‘onaga reyslarni yo‘lga qo‘ymoqda. Ta’kidlanishicha, parvozlar haftada bir marta — chorshanbadan payshanbaga o‘tar kechasi amalga oshiriladi. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil etishi aytilmoqda.

«Elektromobillar kelajagi sari birinchi qadam». «O‘zavtosanoat» va BYD memorandum imzoladi

«O‘zavtosanoat» va Xitoyning yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisi BYD Auto Industry o‘rtasida O‘zbekistonda elektromobil va elektrobuslar ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlik memorandum imzolandi. UzAuto rahbari o‘rinbosari Azizbek Shukurov buni «elektromobillar kelajagi sari birinchi qadam» deb atadi.

Endi nogironligi bo‘lgan shaxslarga bir xil miqdorda 622 ming so‘m nafaqa tayinlanadi

Prezident farmoniga muvofiq, 1 apreldan nogiron bo‘lib qolgan muddatidan qat’iy nazar imkoniyati cheklangan shaxslarga bir xil miqdorda — 622 ming so‘mga teng nafaqa tayinlanadi. 18 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarish qiluvchi ona-otalarga minimal iste’mol xarajatlardan kam bo‘lmagan miqdorda (500 ming so‘m) yangi nafaqa joriy etilmoqda.

Jahon banki O‘zbekistonga milliy statistika tizimini modernizatsiya qilishga ko‘maklashadi

Jahon banki O‘zbekistonning milliy statistika tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha besh yillik loyihaga 50 mln dollarlik imtiyozli kredit ajratadi. Ushbu mablag‘lar qisman 2023−2024 yillarda o‘tkaziladigan aholini va uy-joy fondini hamda qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish ishlariga ham yo‘naltiriladi.

Musulmonlar idorasi imom-xatiblardan ixtilofli mavzularni mehrobda turib muhokama qilmaslikni so‘radi

O‘zbekiston musulmonlari idorasi adliya vaziri va Toshkent bosh imom xatibi o‘rtasidagi odamlarning «do‘zaxga tushish-tushmasligi borasidagi tanlovi» borasidagi bahslar yuzasidan munosabat bildirdi. Idora Odob-axloq komissiyasi chaqirilgani, unda imom-xatiblarga ixtilofli mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik borasida tushuntirish berilganini ma’lum qildi.

Zarafshonda bog‘cha tarbiyachilari ko‘p qavatli uylar pod’ezdlarini tozalashga jalb qilindi

Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida bog‘cha tarbiyachilari ko‘p qavatli uylar pod’ezdlarini tozalashga jalb etildi. Viloyat MTB ular o‘z ixtiyori bilan tozalash ishlarida qatnashganini ma’lum qildi. Shahar mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi esa bu ishlarda nafaqat bog‘cha tarbiyachilari, balki aholi, barcha tashkilot va korxonalar xodimlari ham qatnashgani, bundan keyin ham shunday bo‘lishini ta’kidladi.

Fazliddin Umarov Samarqand shahriga hokim bo‘ldi

Kadastr agentligi direktori Fazliddin Umarov Samarqand shahar hokimi etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Boburmirzo Oblakulovning o‘rnini egalladi.

Rustam Shoabdurahmonov MOQ raisligidan ketdi

2019 yilning may oyidan beri Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi sifatida ishlab kelayotgan Rustam Shoabdurahmonov o‘z arizasiga binoan ishdan bo‘shatildi.

Asaka tumanida uch kishi is gazidan vafot etdi

Andijon viloyati Asaka tumanidagi fermer xo‘jaligining uch yollanma ishchisi is gazidan vafot etdi. Ular qo‘lbola sandalga yoqilgan ko‘mirdan chiqqan is gazidan zaharlanishgan. Tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

Buxoro viloyatidagi kanaldan 33 yoshli ayolning jasadi topildi

11 fevral kuni Buxoro viloyati Qorako‘l tumanidagi mahalladan oqib o‘tuvchi kanaldan ayol kishining jasadi topildi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tergovga qadar tekshirish ishlarini olib bormoqda.

Nukus davlat pedagogika instituti qurilishida 12,7 mlrd so‘m o‘zlashtirilgani aniqlandi

DXX Nukus davlat pedagogika instituti qurilishida pudratchi «Jayhun Universal Qurilish» va Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashining «Yagona buyurtmachi xizmati» mansabdorlari 12,7 mlrd so‘mni o‘zlashtirganini ma’lum qildi. Boshqa bir holatda esa pudratchi kompaniyalar ko‘p qavatli uy-joylar qurish uchun budjetdan ajratilgan 17,5 mlrd so‘mni talon-toroj qilganlikda gumonlanmoqda.

Xorazmda tuman soliq inspeksiyasi xodimi pora olganlikda gumon qilinmoqda

Xonqa tumani Davlat soliq inspeksiyasi xodimi 720 mln so‘mlik soliq to‘lovini kamaytirib berish evaziga tadbirkordan 5 ming dollar pora olganida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Xorazmdagi boshqa bir holatda esa ikki nafar shaxs tadbirkorga noqonuniy yo‘l bilan 10 mlrd so‘m kredit olib berishga uringanlikda gumon qilinmoqda.

Jizzaxda pedagogika instituti xodimi $100 ming pora bilan ushlangani aytilmoqda

Jizzax davlat pedagogika institutining ta’lim sifatini nazorat qilish bo‘limi boshlig‘i fakultetlardan birida aniqlangan kamchiliklar dekanga salbiy ta’sir qilmasligi va uni lavozimida qolishini ta’minlash evaziga 100 ming dollar olganida qo‘lga tushgani aytilmoqda. Unga nisbatan jinoyat ishi ochildi.

Sudyalar oliy kengashi yana beshta sudyani intizomiy jazoga tortdi

Qashqadaryo viloyatining to‘rtta tuman sudyalari hamda Angren shahar sudi raisi mas’uliyatsizligi va ishda yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun intizomiy jazoga tortildi.