Prezident Shavkat Mirziyoyev bojxona tizimini isloh qilishga bag‘ishlangan yig‘ilishda chegara postlarini raqamli uskunalari bilan jihozlash yuzasidan topshiriq berdi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, 2018 yilda 13 mingta uyali telefonlar qonuniy olib kirilgan bo‘lsa, 2021 yilda bu raqam 3 mlndan oshgani aytildi.

Yil boshidan 364 kg giyohvandlik vositalari, 88 ming dona psixotrop dorilar hamda 181 mlrd so‘mlik tovarlar noqonuniy kirib kelishi oldi olingani qayd etildi.

Davlat rahbari O‘zbekiston mintaqa markazida bo‘lgani bois, kontrabandaga qarshi kurashish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

«80 foiz tovar kirib keladigan 22 ta asosiy postni 3D-skaner, rentgen apparati, videokuzatuv kamerasi, server, transport tarozisi kabi uskunalar bilan jihozlash topshirig‘i berildi. Ushbu maqsadlar uchun 370 milliard so‘m yo‘naltiriladi», — deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, temir yo‘l orqali keladigan tovarlar bo‘yicha ma’lumotlarning elektron almashinuvini yo‘lga qo‘yishga ko‘rsatma berildi.

Tegishli mutasaddilarga xalqaro jo‘natmalar bo‘yicha axborot almashish tizimini joriy etish topshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda prezident yil yakuniga qadar bojxona ko‘rigi jarayonlarini to‘liq qamrab olgan elektron tizimni ishga tushirish bo‘yicha topshiriq bergandi.

Davlat rahbari shuningdek, bojxonachilarning halol ishlashini ta’minlash maqsadida bitta postda 3 yil ishlagan xodimlar rotatsiya qilinishini aytdi. Qolaversa, tizimdagi xodimlar daromadi va mol-mulki deklaratsiya qilinadi, 1 martdan esa barcha bojxona xodimlari faqat ochiq tanlov asosida ishga qabul qilinadi.