O‘zbekiston musulmonlari idorasi O‘zbekiston adliya vaziri Ruslanbek Davletov va Toshkent bosh imom xatibi Rahmatulloh Sayfutdinov o‘rtasida bo‘lib o‘tgan odamlarning «do‘zaxga tushish-tushmasligi borasidagi tanlovi» borasidagi bahslar yuzasidan munosabat bildirdi.

Munosabat alohida diniy xodimlarning shaxsiy fikri O‘zbekiston musulmonlari idorasining rasmiy munosabatini ifoda etmasligi aytildi.

Ta’kidlanishicha, mehrob muqaddas joy bo‘lib, bu yerda voizning shaxsiy talqini asosida bildirilgan fikrlar dindorlar tomonidan fatvo sifatida qabul qilinadi. Shu munosabat bilan 17 fevral kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Odob-axloq komissiyasi chaqirilib, so‘nggi vaqtda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘layotgan masalalar ko‘rib chiqildi.

«Yig‘ilishda imom-xatiblarga jamiyatda ixtilof keltirib chiqaruvchi mavzularni masjid mehrobida turib muhokama qilmaslik, va’z-nasihatlarda odob-axloq, diniy-ma’rifiy qadriyatlarni asrab-avaylash, ibodatlarni to‘g‘ri va mukammal ado etish bo‘yicha mo‘min-musulmonlarga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish haqida tushuntirish berildi», — deyiladi munosabatda.

Idora jamiyatda uchrab turadigan ayrim ijtimoiy illatlarga qarshi ma’rifiy targ‘ibot olib borishda bardavom ekanini ma’lum qilib, ushbu yo‘nalishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlik munosabatlari mavjudligini ta’kidladi.

«O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy soha xodimlarini jamoaviy va ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarda amaldagi qonunchilikka rioya etishga, amri ma’ruf va nahyi munkarni Hazrati Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam sunnatlari asosida olib borishga chaqiradi. Fuqarolardan esa bunday mavzularni g‘arazli maqsadlarda ijtimoiy tarmoqlarda ommalashtirmaslikni so‘raydi», — deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, adliya vaziri Ruslanbek Davletov 7 fevral kuni jamoatchilikka hisoboti davomida diniy tashkilotlarning ba’zi domlalari ma’ruzalari jamiyatda bo‘linishga olib kelayotganligini ta’kidlab, vazirlik ushbu sohani nazorat qilishini eslatgan holda «O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor», deya ta’kidlagan edi.

Davletov o‘z chiqishini amerikalik yozuvchi Devid Frimenning «odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan fikri bilan yakunlagandi.

Sal o‘tib ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar bosh imom-xatibi Rahmatulloh Sayfuddinov (Termiziy) adliya vazirining so‘zlariga javob qaytargan videolavha tarqaldi.

«Biz xudbinlik jamiyatida yashamayapmiz. Do‘zaxga tushsang, tushaver deyapti, hozir ba’zi odamlar chiqib… Biz bunga rozi bo‘lmaymiz. Biz hech qachon musulmon birodarlarimizni do‘zaxga tushishiga rozi bo‘lmaymiz. To‘g‘ri, bitta ikkita ahli ilm qattiq hissiyotga berilib gapirgani bilan butun imomlarni da’vat yo‘lini to‘sishga kim vakolat berdi u odamga», — dedi poytaxt imom-xatibi.

Shundan so‘ng Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bahs-munozaralar bo‘yicha o‘z munosabatini bildirib, ayrim diniy soha vakillari O‘zbekistonning din sohasidagi davlat siyosatini noto‘g‘ri tushunishi va baholashini, yangiliklarni o‘z manfaatlariga moslab talqin qilishini ta’kidladi.