DXX «Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti (ISHID) safida jangovar harakatlarda ishtirok etganlikda gumon qilinayotgan fuqaroni O‘zbekistonga olib keldi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Xiva shahrida tug‘ilgan fuqaro D.U. o‘g‘li D.X. bilan birga 2009−2015 yillarda Rossiyaga mehnat migranti sifatida ishlashga ketgan. Bu davrda ijtimoiy tarmoqlar orqali xalqaro terroristik tashkilotlar a’zolarining ta’siriga tushib qolgan.

Natijada, 2015 yilda Tojikistonning soxta pasportini rasmiylashtirib, Turkiya orqali Suriya davlatiga borgan. U yerda «Islom Davlati» xalqaro terroristik tashkiloti a’zolari safiga qo‘shilib, jangovor harakatlarda ishtirok etishgan. Keyinroq D.U. Suriyadan MDH davlatlaridan biriga qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirish maqsadida qaytib kelgan.

DXX xodimlarining xorijiy hamkorlar bilan birgalikda olib borgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida D.U. O‘zbekistonga olib kelingan.

Ma’lum qilinishicha, u qo‘lga olish vaqtida faol qarshilik ko‘rsatgan. Keyingi jarayonlarda ham u o‘zining «jihod» qilish borasidagi qarashlaridan voz kechmaganini aytgan.

Hozirda uning o‘g‘liga nisbatan qidiruv e’lon qilingan.