Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 16 fevral kuni poytaxtdagi Alisher Navoiy rekonstruksiyasiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida (video) qisqa, lekin ochiqcha nutq bilan chiqish qildi. Tadbir «Gazeta.uz»ning ko‘chani shossega aylantirilayotganligi haqidagi maqolasidan keyin tashkil etildi.

Shahar rahbari tadbirda ishtirok etmadi. U avval ishlagan kompaniyalari shaharda amalga oshirilayotgan loyihalarda homiylik qilayotganligi to‘g‘risidagi masalaga oydinlik kiritish uchun «besh minutga» kirganini aytdi. Ushbu masala bir kun oldin (hokim Kosmonavtlar maydoni homiylar mablag‘lari evaziga rekonstruksiya qilinayotganligi haqida aytgan edi) va matbuot anjumanida ham ko‘tarilgan edi. Matbuot anjumanida Navoiy va Labzak ko‘chalarining kesishmasi homiylik mablag‘lari hisobiga pilot loyiha doirasida rekonstruksiya qilinishi aytildi.

So‘zining boshida Jahongir Ortiqxo‘jayev hech qachon siyosatchi bo‘lmaganligini, katta kompaniyalar rahbari bo‘lganligini eslatdi.

«Xohlaysizlarmi, xohlamaysizlarmi, mening tarixim ishlab chiqarishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq. Umrim bo‘yicha siyosatda ishlamaganman. Homiylik masalasiga kelsak, men mana shu yurtning farzandiman… 3,5 yillik faoliyatimda oldingi ishlagan kompaniyam ko‘p yordam berdi, homiylik qilib keldi», — dedi u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev homiylik ishlari haqida gapirib, islomga ko‘ra, «savob» ish qilinganda u haqda aytmaslik kerak deb hisoblashini, buning mukofotini keyingi dunyoda olinishini aytdi. «Agar bu dunyoda qilgan ishlaringni mana bu ishni qilyapman, bu shaharga yordam beryapman deb aytsang, bu savob bo‘lmaydi, riyo bo‘ladi», — dedi hokim.

«Shuning uchun bugungacha aytmadik. Lekin ko‘pchilik bugun surishtirdi. Men ishlagan kompaniya, sizlar bilasizlar, Akfa va Artel ko‘p narsalardan voz kechayapti. Ya’ni ishlab chiqarishni olib qoladi, qolgan magazin, supermarket, gipermarket — bularning hammasini sotishga qaror qildi. Bu yil ham Ecobozor`ni sotdi. Sotilgan pullarning yarmiga banklardan qarzini uzdi, yarmini shaharga homiylik sifatida bermoqchi», — dedi u.

Hokim Akfa Medline (ta’sischilaridan biri uning rafiqasi) kompaniyasi ham 2021 yilda yurak nuqsoni bilan tug‘ilgan bolalarga 75 ta bepul operatsiya qilib berganligini ta’kidlab, 2022 yilda yana shunday 200 ta operatsiya qilinishini aytdi.

«Aytmoqcha emas edim, aytishga majbur bo‘ldim», — dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.

Shahar hokimi Akfa va Artel kompaniyalari unga hokimiyatga qanday yordam kerakligini so‘rab, murojaat qilgan.

«Hozir ular o‘z mol-mulklarini sotyapti, yarmini bankdagi kreditlaridan qutilishga beryapti, yarmini shaharda parklar, alleyalar, perekrestkalarga, operatsiyalar, kambag‘allarga uylarining tomini yopish, kichkina mahallalarni asfalt qilishkabi ishlarga yo‘naltiryapti», — dedi u.

Hokim joriy yilning olti oyi davomida ushbu kompaniyalar 80 mlrd so‘mlik homiylik yordamini ko‘rsatishini ma’lum qildi.

«Shunga asoslanib ularga o‘z iltimoslarimni qilyapman. Men boshqa hech narsa deyolmayman. Men charchadim. 3,5 yil ishlagan bo‘lsam, davlatning bir so‘m puliga ham xiyonat qilganim yo‘q. Oldimdan qo‘shgan bo‘lsam qo‘shdim, topganimni berdim, bir so‘m pul olganim yo‘q», — deya ta’kidladi u.

Hokim shuningdek lavozimga kirishishidan oldin 35 ta mashinasi bo‘lganligini qayd etdi: «Juda yaxshi ko‘raman mashinani, hozir 6 ta qoldi. Yana yaqinda bitta mashinamni auksionga qo‘yaman va sotilgan pulidan yana yuragida nuqsoni bor bolalarni operatsiya qildiramiz».

«Agar bular gunoh bo‘lsa, men roziman. Agar bular gunoh, yo‘q ishlatmalaringiz deydigan bo‘lsalaringiz, unga ham roziman. Bugungacha davlatning bir so‘miga ham xiyonat qilmaganman. Lekin mening aybim — qilgan narsalarni aytib turish kerak ekan. Aytmaganim gunoh», — dedi shahar hokimi.

Jahongir Ortiqxo‘jayev o‘z vaqtida uysiz odamlarga Sergeli tumanidan 400 ta kvartira sovg‘a qilinganligini, hozir esa bu haqda hech kimga aytmaganligi haqida afsuslanishini qayd etdi.

«Lekin ishoninglar, xalqning birorta pulini cho‘ntagimga tiqqanim yo‘q. Borim shu», — dedi u va xonani tark etdi.