«O‘zbekneftgaz» AJ boshqaruvi raisi Mehriddin Abdullayevning topshirig‘iga asosan, tizimdagi korxonalarda moliyaviy va komplayens nazorati yo‘nalishida korrupsiya, iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashishga, ularning kelgusida yo‘l qo‘yilishini oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbirlarda «Buxoro neft bazasi» MCHJda 2021 yil yakuni bo‘yicha jami 22 mlrd 58 mln so‘mlik xato-kamchiliklar aniqlandi, deb xabar bermoqda «O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati.

Xabarda aytilishicha, neft bazasida o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida yuqorida keltirilgan qonunbuzilishlarga qo‘shimcha ravishda yana 5 mlrd 506 mln so‘mlik manfaatlar to‘qnashuvi, qarindosh urug‘chilik va boshqa turli xato va kamchiliklar, shundan 3 mlrd 465 mln so‘m mablag‘larni talon-taroj qilish holatlari aniqlangan.

Holatlarning asosiy qismi «Buxoro neft bazasi»ning sobiq bosh hisobchisi G‘. K.ning bevosita ishtirokida amalga oshirilgan, deyiladi xabarda.

Xususan, sobiq bosh hisobchi G‘.K. tomonidan 1S Buxgalteriya elektron hisobotlarda «yaqin do‘sti»ga qarashli korxonadan 917,6 mln so‘m, boshqa korxonadan 252,0 mln so‘mlik mablag‘ tushganligi to‘g‘risidagi soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan neft mahsulotlari o‘zlashtirilganligi aytildi.

2020 yilning 18 avgust kuni «D» MCHJga «ko‘rsatilgan xizmatlar uchun» 250 mln so‘m pul mablag‘lari o‘tkazib berilgan, 1S Buxgalteriya dasturiga Buxoro Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun mablag‘ o‘tkazilgani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar kiritilib 250 mln so‘m pul mablag‘lari o‘zlashtirilgan. Amalda esa, ushbu korxona bilan «Buxoro neft bazasi» o‘rtasida xizmat ko‘rsatish bo‘yicha tuzilgan shartnomalari mavjud bo‘lmagan.

55 ta fermer xo‘jaliklaridan to‘lovlar mavjudligi to‘g‘risida 1S Buxgalteriya dasturiga soxta ma’lumotlar kiritish yo‘li bilan jami 641 mln so‘mlik neft mahsulotlarini talon tarojlikka yo‘l qo‘yilgan.

Sobiq bosh hisobchi tomonidan «Ko‘kcha» filiali boshlig‘i Sh. J. 3 ta iste’molchi tomonidan 430,8 mln so‘m to‘lov amalga oshirilgani to‘g‘risida yolg‘on ma’lumotlar berish orqali 430,8 mln so‘mlik neft mahsulotlarni to‘lovlarsiz o‘zlashtirgan.

Sobiq bosh hisobchi ta’sischiligida ochilgan korxonaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda hech qanday shartnomalar rasmiylashtirmasdan 2020 yilning avgust-dekabr oylari davomida jami 419 mln so‘m pul mablag‘lari moliyaviy yordam sifatida o‘tkazib berilgan, shuningdek, 1S Buxgalteriya elektron dasturiga mazkur mablag‘larni Buxoro viloyat Tovar xomashyo birjasiga neft mahsulotlari uchun o‘tkazib berilganlik to‘g‘risida soxta ma’lumotlar kiritilib o‘zlashtirib yuborilgan.

G‘.K. shaxsiy manfaatdorligi bo‘lgan boshqa korxonaning «Buxoro neft bazasi» oldidagi 2 mlrd 40 mln so‘mlik qarzdorlikni undirish bo‘yicha 2020 yil 3 mart kuni Iqtisodiy sudning tegishli ijro varqasini hamda 2020 yil 25 aprel kunidagi majburiy ijro byurosi organlarining ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qarori ijrosini ta’minlamaslik va qarzdorlikni undirmaslik maqsadida Majburiy ijro byurosining tegishli bo‘linmasiga 2020 yil 24 noyabr kuni qarzdorlikni undirish bo‘yicha ijro ishini to‘xtatishni so‘rab «Buxoro neft bazasi» MCHJ rahbari nomidan soxta ma’lumot kiritgan va bu bilan ijro ishini to‘xtatishga erishgan.

«O‘zbekneftgaz» AJ Moliyaviy va komplayens nazorat departamenti tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi, ya’ni ushbu neft bazada uzoq yillar rahbar va bosh muhandis lavozimlarida ishlagan Z.B.ga qarashli korxonaga 4 540 litr «AI-80» markali avtobenzin mahsuloti to‘lovsiz berib yuborilgan. O‘rganish kuniga qadar undirish choralari ko‘rilmagan.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha kamchiliklarni undirish va vaziyatga huquqiy baho berish uchun o‘rganish hujjatlari tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga taqdim etilgan.