Qashqadaryo viloyatining Mirishkor tumanida IIBga olib ketilgan 37 yoshli fuqaro Yusuf Sultonovning 4−5 soatdan so‘ng uyiga o‘lik holda qaytarilgani aytilmoqda. Bu haqda O‘zbekiston Inson huquqlari «Ezgulik» jamiyati raisi Abdurahmon Tashanov Facebook-sahifasida yozdi.

Hodisa guvohlariga tayanib ma’lum qilinishicha, ikki farzandning otasi bo‘lgan Yusuf Sultonov 11 fevral kuni soat 17 larda mast holatda avval o‘zi yashaydigan uyda, so‘ng qo‘shni xonadonlarda janjal ko‘targan.

Daryo bilan suhbatda bo‘lgan «Chandir» MFY raisi Ismat Avazov marhum Yusuf Sultonovning haqiqatan ham ichkilikka ruju qo‘yganini bildirgan.

Mirishkor tuman hokimligi IIBga tayanib, tuman IIBga Yusuf Sultonovning vafot haqida 2022 yilning 12 fevral kuni soat 01:47 da xabar berilganini ma’lum qildi.

«2022 yil 11 fevral kuni soat 18:15 da 56 yoshli fuqaro K.A. profilaktika inspektori, mayor Sunatilla Doniyorovga telefon qilib, Yusuf Sultonov mast holda ko‘chada fuqarolar tinchini buzayotganini aytib, chora ko‘rishini so‘ragan. Leytenant Q.Niyozboyev qo‘shni hudud profilaktika inspektori leytenant I.Ochilovni telefon orqali chaqirib, uning mashinasida Yusuf Sultonovni „Chandir“ MFY binosiga olib borib, spirtli ichimlik iste’mol qilgani yuzasidan hujjatlar rasmiylashtirgan. Yusuf Sultonovni profilaktika inspektorlari — leytenant Q.Niyozboyev va mayor S.Doniyorov viloyat narkologiya dispanseriga olib borgan. Dispanser shifokorlari Yusuf Sultonovning sog‘lig‘i yomonligini, shifoxonaga olib borishlari kerakligini bildirgan. Shundan so‘ng bemor 23:10 da Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Qarshi filialiga olib borilgan. Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan Yu.Sultonov shifoxonada vafot etgan», — deyiladi tuman hokimligi xabarida.

12 fevraldagi STE ma’lumotnomasida marhumning «o‘tkir zaharlanishning og‘ir darajasi, aspiratsion sindirom, alkogol komasi, UNE 2,3-darajali, UYUKTE 2-darajali, aganal holati» natijasida vafot etgani hamda tanasida jarohatlar yo‘qligi ko‘rsatilgan.

Viloyat prokuraturasining ma’lum qilishicha, Yusuf Sultonovning o‘limi yuzasidan Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan tergov-surishtiruv jarayonlari o‘tkazilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning yanvar oyida Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi.2021 yilning avgustida esa Nishon tumanida IIB xodimlari tomonidan olib ketilgan fuqaro Narkologiya dispanserida vafot etdi.