Toshkent markazida kosmonavt Vladimir Janibekovga qo‘yilgan haykal atrofidagi granit va marmar plitalarning qo‘qqisdan demontaj qilinishi ortidan yuzaga kelgan jamoatchilik e’tirozidan so‘ng, 16 fevral kuni voqea joyiga poytaxt hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev yetib keldi.

Kun.uz`ga bergan intervyusida Jahongir Ortiqxo‘jayev rekonstruksiya ishlari hududda mahalliy aholi vakillari iltimosi bilan boshlanganini ma’lum qilgan. Uning aytishicha, marmarlarning orasi 10 santimetrlab qochib ketgani sababli, odamlar qoqilib kelgan.

«Koinot» yodgorligi hududi demontaj qilinayotganda nega Madaniy meros agentligi xulosasi olinmagani haqidagi savolga javob berar ekan, Ortiqxo‘jayev «hammasi kelishilganini» ma’lum qilgan. Ishlar kelishilmay boshlangani haqidagi ta’kidga javoban esa bosh vazir Aziz Abduhakimov «hozir kelishini» aytgan.

«O‘zi buni (rekonstruksiyani) biz qilishimiz kerak emas. Madaniy merosning o‘zi qilishi kerak. Hokimiyatning ishi emas aslida. Endi shuni tartibga solib qo‘yaylik, deb tartibga solyapmiz. Agar noto‘g‘ri ish qilayotgan bo‘lsak, aytinglar. Davlatning puli ketayotgani yo‘q. Homiylik asosida qilinyapti. Quruvchilar qilib beryapti. Davlatning xarajati bo‘layotgani yo‘q. Agar bu xato ish bo‘layotgan bo‘lsa, aytinglar. Asl maqsad xatolikdami yoki mendan ayb topishmi?» — degan hokim.


Jahongir Ortiqxo‘jayev asl maqsad «mana shu joyni obod qilish va aholi roziligini olish"ligini qayd etgan.

«Agar asl maqsad shu bo‘lsa, aholi roziligini olish bo‘lsa, 10 kungina sabr qilinglar. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman. Agar 10 kundan keyin aholi norozi bo‘lsa, qancha ayblasangiz roziman. 10 kundan keyin», — deb aytgan hokim.

Toshkent hokimi loyiha homiylik mablag‘lari evaziga amalga oshirilayotganini ta’kidlagan (sal avval loyihani Akfa kompaniyasi moliyalashtirishi xabar qilingan edi).

«Mana shuni chiroyli qilishga qo‘yib beringlar. Bir so‘m davlatning puli ketmayapti. Aholi roziligi, shu yerda aylanishi uchun qilyapmiz. Iltimos, shu yerni chiroyli qilishga qo‘yib beringlar. Bo‘ldi, men madaniy merosgayam tegmayman, atrofi obod bo‘ladi. Xuddi shunday „Monument mujestva“ (Jasorat monumenti) obod qilindi. To‘g‘rimi, ko‘rganmisiz, qanaqa edi, qanaqa bo‘ldi. Xuddi shunga o‘xshab, Xalqlar do‘stligi maydonini ham qilganmiz», — degan u.

Jahongir Ortiqxo‘jayev Vladimir Janibekov byustiga rekonstruksiya vaqtida ziyon yetkazilmasligiga va’da bergan.

«Agar mana shu madaniy merosning bir joyiga tig‘ tegsa, meni javobgarlikka tortasiz. Agar millatga, xalqimizga yaxshi bo‘lsin desangiz, 10 kun sabr qiling. Boshqa narsani aylantirganingiz bilan meni… Shaharda qachon ish ketadi? Tezroq ish ketishi kerak, kun yorug‘. Tezroq bu issiq kunlardan foydalanishimiz kerak», — degan u.

Suhbat davomida Kun.uz muxbiri maydondagi granit plitalar 1984 yilda Sharof Rashidov davrida o‘rnatilganini eslatib, ular ham saqlab qolinishga loyiq ekanini bildirgan, lekin hokim unga 10 kun muhlat berishlarini so‘ragan.

«Ha, Sharof Rashidov qurgan. Joylari jannatda bo‘lsin. E’tirof qilaman, ular ko‘p ishlar qilgan. Bizgayam nasib qilsin ularday ulug‘ inson bo‘lishni. Lekin bu plitalar yoshini yashab bo‘ldi — 30 yildan oshdi. 10 kun sabr qilinglar. Hozir aylantirib nima qilasiz? Jurnalistsiz, bilaman… Agar hozir hayp qilmoqchi bo‘lsangiz, yuring, men sizga ko‘p hayplar… Agar mening ustimdan yozmoqchi bo‘lsangiz yoki boshqa ish qilmoqchi bo‘lsangiz, yuring, men sizga ko‘p narsalarni ko‘rsatib beraman. Hozir bularni olyapsiz-u, bitgandan keyin ham kelib olasiz. Agar yomon bo‘lsa, Ortiqxo‘jayev buzibdi buni deb aytasiz. Yaxshi bo‘lsa, yaxshi qilibdi, baraka topsin deb aytasiz. Prezidentimizning topshiriqlarini bajaribdi, insonlar bilan gaplashibdi, aholi rozi bo‘libdi, degan gapni yozasiz. Rozimisiz?» — degan hokim.

Hokim o‘zini qilingan ish va jamoatchilik fikri asosida baholashni so‘ragan. U shuningdek, Gazeta.uz`dan ham, Kun.uz`dan ham ko‘ra, mahalliy aholi, shahar xalqining hurmatini qadrlashini, ulug‘ ko‘rishini aytgan.

«Sayt bugun bor, ertaga yo‘q. To‘g‘rimi? Sizlar bitta MCHJmi? Bir kunda 3 ming MCHJ yopilib, 3 mingtasi ochilyapti. Lekin millat mana shu yerda yashaydi», — degan u.


Maydonga yetib kelgan bosh vazir o‘rinbosari, sport va turizm vaziri Aziz Abduxakimov, hokimiyat ishlarni ruxsat olmasdan, lekin «yaxshi maqsadlarda» boshlaganini tasdiqlagan.

«Hozirga kelib, bilishimcha, hokimimiz tezkor ravishda hamma loyiha va materiallarini tayyorlab qo‘ydi va bizning ekspertlar bilan ishni boshlab yubordi. Materiallarni bugun yana ko‘rib chiqamiz», — degan u.

Abduhakimovning aytishicha, agentlik ularga toshlar rangi, sifati kabi barcha talablarni tushuntirgan.

Bosh vazir o‘rinbosari hokimiyat madaniy meros obyektini buzib bo‘lingach, demontajdan keyin ilmiy-ekspertlar kengashi xulosasini olganligi haqidagi fakt noto‘g‘ri, deb o‘ylashini aytadi. Aziz Abduhakimov hozir madaniy meros obyektlarini himoya qilish bo‘yicha aniq tizim yaratilganini qo‘shimcha qiladi. Hozir alohida Madaniy meros agentligi, bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi qoshida Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish inspeksiyasi ham ishlab turganini, shuningdek, Bosh prokuratura qoshida boshqarma tashkil etilganini aytadi. Qayerda qonun buzilishi holati bo‘lsa, aybdorlar aniqlanib, javobgarlikka tortilyapti, deydi u.

Aziz Abduhakomov Kosmonavtlar obyektidagi holatda haqiqatan ham tartib buzilganini tasdiqlab, yuristlar bilan o‘rganib chiqib, xulosani aytishini ta’kidlagan. Shu bilan u, holat tezkorlik bilan bo‘lganiga alohida sabablar borligini aytgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentga ko‘plab va shu jumladan, yuqori darajali mehmonlar kelishi tufayli ham ishlar tezkorlik bilan tashkil qilingan.