O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 fevral kuni Madaniy meros agentligining ko‘rsatmalarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilash to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.

Hujjatga muvofiq, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 198−5-modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, Madaniy meros bo‘yicha agentlik va uning hududiy boshqarmalari ko‘rsatmalariga rioya qilmaslik fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (810 ming so‘m), mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha (1mln 350 ming so‘m) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin ham bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 890 ming so‘m) miqdorida jarima solinadi.

Bundan tashqari, Madaniy meros agentligi nafaqat madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini buzgan, balki agentlik ko‘rsatmalarini bajarmagan shaxslarga nisbatan ham mustaqil ravishda ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzish huquqiga ega bo‘ldi.

Yangi qonunda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini yo‘q qilish yoki shikast yetkazganlik uchun jinoiy jazo ham kuchaytirildi.

Unga ko‘ra, yuqoridagi holat takroran yoki xavfli retsidivist, qolaversa, bir yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib (ilgari faqat katta zarar yetkazgan holda) sodir etilgan bo‘lsa, endilikda Eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (ilgari — 300 dan 500 baravargacha miqdorda jarima yoki 360 dan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).

Eslatib o‘tamiz, Madaniy meros agentligi prezidentning 2021 yilning apreldagi farmoni bilan Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti, uning hududiy boshqarmalari hamda O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi negizida Turizm va sport vazirligi huzurida tashkil etilgan.