Toshkent shahri Yakkasaroy tumanida joylashgan Kosmonavtlar maydonini obodonlashtirish loyihasi ma’qullandi. Bu haqda 15 fevral kuni Madaniy meros agentligida Ilmiy-ekspert kengashining qarori qabul qilindi.

«Kengash loyihaga obyektning tarixiy va badiiy qiymatiga ta’sir ko‘rsatmagan holda ta’mirlashga ruxsat bergan», — deyiladi xabarda.

«Gazeta.uz» Kosmonavtlar maydonida qo‘qqisdan granit plitalari demontaj qilinayotganligi haqida xabar berganidan so‘ng Madaniy meros agentligi Mimar Group kompaniyasi hududdagi demontaj ishlarini ruxsatsiz boshlaganini ma’lum qildi va ishlarni to‘xtatish kerakligini ta’kidladi.

Ruxsat yo‘qligiga qaramasdan, quruvchilar keyingi kun plitalarni demontaj qilishni davom ettirishdi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinov maydonda qurilish ishlari olib borilmayotganligini va yodgorlik buzilmasligini, shunchaki plitkalar yangilanishi va «achinarli holatda» bo‘lgan hudud obodonlashtirilishini ta’kidladi. Uning aytishicha, hokimiyat fuqarolarga qulayliklar yaratishda «yaxshi maqsadlarni ko‘zlagan».

Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Kosmonavtlar maydonini «chiroyli qilish uchun» unga 10 kun vaqt berishlarini so‘radi. «O‘n kun sabr qiling. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, meni har qancha ayblashlaringga roziman», — degan shahar hokimi. Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ishlar olib borilishi jarayonida qonunchilik buzilganini tasdiqladi.