«O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi Rossiyada qolib ketgan O‘zbekiston fuqarolarini mamlakatga kelishlari uchun navbatdagi maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishini ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, Voljskiy — Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan 483-sonli poyezd 18 va 25 fevral kunlari Moskva vaqti bilan soat 20:50da «Voljskiy» temir yo‘l vokzalidan harakatni amalga oshiradi.

Kompaniya mazkur poyezdga faqat bir tomonga, ya’ni «Voljskiy — Toshkent» yo‘nalishiga chiptalar sotilishini ma’lum qilgan. Shuningdek, chiptalarni elektron tarzda ham sotish yo‘lga qo‘yilgan.

Rossiyadagi fuqarolarning yaqinlari O‘zbekistonda turib «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasining veb-sayti orqali chiptalarni elektron tarzda xarid qilib, internet orqali ularga jo‘natishlari ham mumkin, deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, fuqarolar kerakli ma’lumotlarni Toshkent shahridagi 1005 qisqa telefon raqami, joylardagi temir yo‘l kassalari hamda ma’lumotlar byurosidan bilib olishlari mumkinligi aytilgan.