Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi maktablardan birida o‘tkazilgan tadbirda havo sovuq bo‘lishiga qaramay o‘quvchi qizlarning yupun holda mehmonlarini kutib olayotgani aks etgan surat tarqaldi.

Toshkent viloyati xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga mazkur holat yuzasidan o‘rganish olib borganini ma’lum qildi.

Aniqlanishicha, holat 14 fevral kuni viloyatning Qibray tumanidagi 29-maktabda kuzatilgan. Biroq, tadbir maktab emas, «Oltin meros» xayriya jamoat fondi va «Yangi yo‘l» MFY tomonidan tashkil etilgan.

«Mahalla fuqarolar yig‘ini tadbirni o‘tkazish uchun Qibray tuman xalq ta’limi tasarrufidagi 29-sonli maktabning faollar zalidan foydalangan. Tashkilotchilar o‘quvchi qizlardan tadbirga taklif etilgan mehmonlarni kutib olishda amaliy yordam berishlarini so‘ragan. Maktab rahbariyati bunga rozilik bildirgan va havo sovuq bo‘lishiga qaramay o‘quvchi qizlarni yupun kiyimda mehmonlarni kutib olishga jalb etgan», — deyiladi xabarda.

Ta’kidlanishicha, suratda «Oltin me’ros» jamg‘armasining rahbari Amirqul Karimov va «Oltin me’ros» jamg‘armasining viloyat bo‘limi boshlig‘i Zarifa Eshmirzayevani ko‘rish mumkin.

Viloyat XTB bu kabi holatlarni keskin qoralashi va maktab rahbariyatini bu kabi holatlarga e’tiborli bo‘lishga chaqirganini bildirdi. Mazkur holatga yo‘l qo‘ygan maktab rahbariyatiga chora ko‘rilishi ma’lum qilindi.