O‘zbekiston terma jamoasining birinchi murabbiyi, professor Rustam Akramov 73 yoshida vafot etdi, deb xabar berdi O‘FA.

U 1948 yilda Toshkent viloyatining Yangibozor tumanida tug‘ilgan. Murabbiy sifatida 1990−1992 yillarda Jazoirning USM klubi va milliy terma jamoasida faoliyat olib borgan.

Rustam Akramov O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan so‘ng, futbol bo‘yicha milliy terma jamoani boshqargan birinchi murabbiy hisoblanadi. 1992−1994 yillar terma jamoa u bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan.

Rustam Akramov undan keyingi 2 yil davomida Hindiston terma jamoasini boshqargan. Keyinchalik OFK, FIFA tashkilotlarida instruktor bo‘lib faoliyat olib borgan.

Shuningdek, u futbolga oid 30 dan ortiq asar, 100 ga yaqin ilmiy maqola va 6 ta kitob ham yozgan.

O‘zbek futboli rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun “Shuhrat” medali hamda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirlangan.