Jahongir Hatamov Samarqand viloyati prokurori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

U bunga qadar Namangan viloyati prokurori lavozimida faoliyat olib borgan. Jahongir Hatamov 2016—2017 yillarda Jizzax viloyati prokurorining birinchi o‘rinbosari, 2017−2018 yillarda Toshkent shahar prokurorining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan. U 2018 yil fevralidan 2020 yilning oktabriga qadar Xorazm viloyati prokurori lavozimida ishlagan.

Kecha, Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan Shavkat Rahmonov Namangan viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlangan edi. Bundan tashqari, 12 fevral kuni 2020 yildan beri mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri sifatida faoliyat yuritgan Rahmat Mamatov Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Ma’lumot uchun, prezident 10 fevral kuni Samarqand viloyatiga tashrifi davomida o‘tkazgan yig‘ilishda viloyatdagi tibbiy, ijtimoiy muammolar, bank-moliya tizimidagi kamomadlar, jinoyatchilikka oid raqamlar o‘sib borayotganini keskin tanqid qildi. U shuningdek, viloyatdagi sektorlar va tegishli mutasaddilar juda sust ishlayotganini ko‘rsatib o‘tdi.

Yig‘ilish davomida prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand tumani hokimi va IIB boshlig‘i, Nurobod tumani hokimi, Oqdaryo tumani prokurori va IIB boshlig‘i, Markaziy bank Samarqand viloyati Bosh boshqarmasi rahbari va viloyat elektr tarmoqlari korxonasi rahbari va boshqa amaldorlarni ishdan bo‘shatdi.

Ularning ba’zilariga nisbatan to‘plangan, shu jumladan korrupsiya holatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida jinoiy ish ochish masalasi o‘rganib chiqilishi ta’kidlangan edi.