Mirobod tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi Mirobod tumanida mushuk va itlarni sochma yordamida otib kelgan erkakka 15 sutkalik ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Bu haqda Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar bermoqda.

IIBB xabarida aytilishicha, internet tarmog‘ida noma’lum shaxsning qo‘lida miltiq bilan uyidan chiqib noma’lum tomonga yo‘l olgani aks etgan video tarqalmoqda. Holat 4 fevralda tasvirga olingan, keyinchalik, 12 fevral kuni «Mehr va Oqibat» hayvonlarni himoya qilish jamiyati vakillari fuqaro M.N.ning arizasini Mirobod tumani IIO FMBga yetkazganlar.

Arizada ayol o‘z qo‘shnisi — pnevmatik miltig‘idan mushuk va itlarni mo‘ljalga oladigan Mirobod tumanida yashovchi 29 yoshli Inomjon A.ga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.

Shundan so‘ng IIBB xodimlari tomonidan Inomjon A.ga nisbatan O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 111-moddasi 1-qismi («Hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish») va 185 moddasi 3-qismi («O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqarolik va xizmat quroli sifatida muomalada bo‘lishi taqiqlangan ashyolarning noqonuniy muomalasi») bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan. Hujjatlar sudga taqdim etilgan.

Mirobod tumani ma’muriy ishlar bo‘yicha sudi Inomjon A.ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining yuqorida qayd etilgan moddalari bo‘yicha aybdor deb topgan va unga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq belgilagan.