«Gazeta.uz» prezidentga murojaat janrini yoqtirmaydi. Bunday murojaatlarda tizimda qandaydir muammo borligini anglatadi — axir shaxsan davlat rahbarining e’tiborini jalb qilishga to‘g‘ri keladi. Biroq hozir vaziyat aynan shunday. Poytaxt hokimligi haydovchilar va piyodalar uchun sharoitlarni yaxshilash bahonasida ko‘chalarni birma-bir shosselarga aylantirishda davom etmoqda. Ma’muriyat foydalanish qiyin bo‘lgan yangidan-yangi trotuar va veloyo‘laklar haqida hisobot bermoqda. Biroq hokimlik jamoatchilikning ovozini eshitmaydi. Mazkur maqola, jumladan, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga murojaat hisoblanadi.

Toshkent hokimligi 14 fevral kuni fuqarolarni oldindan ogohlantirmasdan Alisher Navoiy ko‘chasini rekonstruksiya qilishni boshladi. Internetda savollar paydo bo‘lgandan keyingina ma’muriyat ushbu ko‘chadagi ikkita chorraha — Labzak va Paxtakor ko‘chalari bilan kesishmalarni rekonstruksiya qilish loyihalari renderlarini e’lon qildi.

Ish faqat ikkita chorraha bilan cheklanmaydi. Kapital ta’mirlash ishlari Navoiy ko‘chasini to‘liq — Beruniy ko‘chasigacha qamrab oladi. Chizmalardan boshqa chorrahalar, shu jumladan Abay ko‘chasidagi chorraha qanday ko‘rinishga ega bo‘lishi haqida ham tasavvurga ega bo‘lish mumkin.

Qulaylik niqobi ostida

Hokimlikning ishontirishiga ko‘ra, ko‘chalarni rekonstruksiya qilishdan maqsad «Alisher Navoiy shoh ko‘chasidagi tirbandlikni kamaytirish, haydovchilar va piyodalar uchun qulayliklar yaratish»dan iborat. Shuningdek, loyiha «malakali mutaxassislar guruhi» tomonidan ishlab chiqilgan.

Ushbu «malakali» mutaxassislarning kimligi aniq emas, ammo, aftidan, ular Ahmad Donish, Farg‘ona yo‘li ko‘chalari, qisman Shahrisabz ko‘chasini (Navoiy ko‘chasining davomi) rekonstruksiya qilish, shuningdek, yangi trotuar va velosiped yo‘laklarini qurishda ishtirok etgan shaxs va kompaniyalar bo‘lishi kerak.

Rekonstruksiya qilingan Farg‘ona yo‘li ko‘chasi.

Ushbu rekonstruksiyani muvaffaqiyatli deyishga til aylanmaydi. Aslini olganda, ma’muriyat poytaxt ko‘chalarini yo‘llarga aylantirishda davom etmoqda (ular bir xil narsa emas).

OAVdagi tanqidlar va aholining shikoyatlariga qaramay, hokimlik imi-jimida va qat’iyat bilan loyiha ko‘lamini kengaytirmoqda. U nafaqat shaharliklarning nolasini eshitmaydi, balki ularga biror narsani tushuntirish kerak deb ham hisoblamaydi.

Ishonch bilan aytish mumkinki, rejalashtirilayotgan rekonstruksiya poytaxtning ikki tomonida turar-joy binolari va ko‘plab ijtimoiy obektlar joylashgan bosh ko‘chasini yanada gavjum, shovqinli, gazlar bilan to‘yingan va barcha yo‘l harakati qatnashchilari, ayniqsa, piyodalar uchun xavfliroq qiladi. Bularning barchasiga sabab, ishlab chiquvchilar haydovchilarning qulayligi va ishonchni oqlamagan o‘tkazuvchanlik qobiliyatini yana birinchi o‘ringa qo‘yadilar.

Piyodalarga bo‘lgan munosabat o‘ngga to‘siqsiz burilish tashkil etilgan Shahrisabz ko‘chasi misolida (Alisher Navoiy ko‘chasining davomi). Bu yerda piyodalar o‘tish joylari (sariq chiziqlar bilan ko‘rsatilgan) xavfsiz orolchalardan tashqariga ko‘chirildi. Biroq odamlar avtomobillardan himoyalangan eski o‘tish joylaridan foydalanishda davom etmoqdalar. Chorraha oldidan va undan keyingi yo‘laklarning kengligi har xil — haydovchilar yo‘lni qaytadan to‘g‘rilab olishlari kerak. Foto: Yandeks.Xaritalar.

2020 yil yozida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga poytaxtning transport konsepsiyasi loyihasi taqdim etilganida, birinchi o‘rinda piyodalar va velosipedchilarga, keyin jamoat transportiga, shundan keyingina avtomobil haydovchilariga ustuvorlik berilishi aytilgan edi.

«Yo‘llarimizda transportga ortiqcha ustunlik berilmoqda. Yo‘llarimizda piyodalar harakati, odamlarning halovati, salomatligi ustuvor bo‘lishi kerak», — deya qayd etgandi davlat rahbari.

2 fevral kuni prezident Toshkent shahar jamoat transport tizimini 2025 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi. Unda aytilishicha, konsepsiyaning asosiy mohiyati «Toshkent shahrida qulay, jozibador bo‘lgan jamoat transporti tizimini tashkil etish, bunda birinchi o‘rinda piyodalar, keyingi o‘rinda mos ravishda velotransport, shahar jamoat transporti va shaxsiy avtotransport uchun qulay infratuzilmani yaratishdan iborat».

Xuddi shu kuni Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2022 yil davomida shahardagi 140 ta chorrahaning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Ular orasida Navoiy ko‘chasidagi chorrahalar ham bor.

Navoiy va Labzak ko‘chalari chorrahasini rekonstruksiya qilish loyihasi. Tasvirning pastki qismida uchta svetoforsiz yo‘laklarni ko‘rish mumkin.Toshkent shahridagi Vebster universiteti yaqinida odatdagi T ko‘rinishidagi chorraha o‘rniga ortga qayrilib olishlarni tashkil etish.

Loyihada nima xato?

  • Piyodalar o‘tish joylari soni kamroq bo‘ladi. Hozirda ular qulay va mantiqiy — kesishuvchi trotuarlar bo‘ylab joylashgan bo‘lsa, endilikda ular sonini kamaytirgan holda boshqa joylarga ko‘chiriladi. Piyodalar qo‘shimcha yuzlab metr masofani piyoda bosib o‘tishlari kerak bo‘ladi, bu esa odamlar ko‘chadan yugurib o‘tish va o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yadi degani.
  • O‘tish joylarida piyodalar uchun yo‘l uzunroq bo‘ladi — ikkita bo‘lak o‘rniga to‘rttagachani kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi. Navoiy-Labzak chorrahasida odatdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri kesib o‘tish P shaklida kesib o‘tishga to‘g‘ri keladi, bu esa o‘nlab qo‘shimcha metrlar va «huquqbuzar» piyodalar sonining ko‘payishini anglatadi.
  • Ayrim joylarda harakatlanish qatorlari soni ko‘payadi.
  • Haydovchilarga qulaylik yaratish uchun o‘ngga burilishlar to‘siqsiz bo‘ladi. Piyodalar uchun bu yomonlashish degani.
  • Ayrim uchastkalarda svetoforsiz o‘tish paydo bo‘ladi, bu ham piyodalar uchun xavflarni oshiradi.
  • Burilishlar va ortga qayrilib olishlar Farg‘ona yo‘li ko‘chasidagidek, ya’ni eng chetdagi o‘ng bo‘lakdan tashkil etiladi. Bu ko‘chada birinchi marta harakatlanayotgan haydovchilar uchun noqulaylik tug‘diradi, buni Farg‘ona yo‘lida doimiy ravishda kuzatish mumkin, bu yerda haydovchilar ko‘pincha o‘ngga burilish/ortga qayrilib olishlarni o‘tkazib yuboradi va qo‘shimcha aylanalar qilishga majbur bo‘ladi. Svetofor ishlamagan vaqtlarda bu yerlarda kollaps vujudga keladi.
  • Piyodalar uchun xavfsizlik orolchalari yo‘q (avtomobillarni o‘ngga qulay burilib olishlari uchun tashkillashtirilgan uchburchaklar xavfsizlik orolchalari hisoblanmaydi). Ba’zi o‘tish joylarida ayrim harakat yo‘laklari uchun qizil, boshqalari uchun esa yashil chiroq yonadi (asosiy fotosuratda bo‘lgani kabi).
  • Navoiydan Paxtakorga chapga burilish yopiladi — haydovchilar to‘g‘riga yurib, ortga qayrilib olishlari kerak bo‘ladi. Paxtakordan chapga burilish ham xuddi shunday bo‘ladi.
  • Ko‘chalar bo‘ylab to‘xtash joylari tashkillashtirilmagan, ya’ni mashinalar tartibsiz qo‘yiladigan bo‘ladi yoki haydovchilar piyodalar yo‘laklarida to‘xtab, mashinalarini hovlilarga olib kirishda davom etadilar. Ko‘chalar bo‘ylab, ayniqsa do‘konlar va umumiy ovqatlanish korxonalari ko‘p bo‘lgan yerlarda to‘xtash joylari o‘rnatilishi kerak.
  • Jamoat transporti uchun ko‘zda tutilgan bekat uchun kamgaklar bekatlardan chiqib ketishni qiyinlashtiradi. Hozirgi vaqtda dunyoda antikamgaklardan keng foydalanilmoqda — jamoat transporti doimo ustuvor bo‘lishi kerak.

Hokimlikning fikricha, haydovchi va piyodalar uchun qulay ko‘cha mana shunday ko‘rinishda bo‘ladi.

Ishlab chiquvchilar nimalarni e’tiborga olishmagan?

  • Namoyish etilgan renderlarda jamoat transporti uchun ajratilgan liniyalar haqida hech qanday ishora yo‘q. Bu ular prezident tasdiqlagan konsepsiyada ko‘zda tutilgan ustuvorlikka ega bo‘lmaydi, degani. Agar ular Farg‘ona yo‘lidagi kabi «ajratilgan hududlar» bo‘lsa (jismoniy ajratilmagan, chala-yarim, transport vositalari bilan to‘lgan), ularni bunday deb hisoblamasa ham bo‘ladi.
  • Tramvayni hisobga olgan holda qurilgan va ular harakati ilk bor yo‘lga qo‘yilgan ko‘chada ushbu transport turini qayta tiklash bo‘yicha hech qanday ishoralar yo‘q. Bu haqda kuni kecha prezident tomonidan e’lon qilinganiga qaramasdan, na hokimlik, na Transport vazirligi haligacha bu bo‘yicha bayonot bergani yo‘q.
  • Prezident yaqinda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ilgari surgan piyodalar xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha («Yo‘l harakati haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham qulay bo‘lishi kerak») talablari inobatga olinmayapti. Gap tezlikni 50−60 km/soatgacha kamaytirish, xavfsizlik orollarini yaratish va harakatni sokinlashtirishga qaratilgan boshqa chora-tadbirlar haqida bormoqda. Bu shuni anglatadiki, loyihani kelajakda qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘ladi, vaholanki barchasining oldini olish mumkin edi.
  • Eng qizig‘i, bu ikki chorraha, ayniqsa, boshi berk Paxtakor ko‘chasi bilan kesishma unchalik ham gavjum emas.
  • Farg‘ona yo‘li ko‘chasida o‘t o‘chirish mashinalarining chiqishi uchun ajratgichni o‘rnatish va tartibga solinmagan «zebra» chizishga to‘g‘ri kelgani bilan bog‘liq achchiq tajribalar inobatga olinmadi. Tramvay yo‘q qilinganidan so‘ng rasmiylar «svetoforsiz trassa» qurishga qaror qilgan, ammo keyinchalik panjaralarni olib tashlashga, chorrahalarni qaytadan ochishga va svetoforlarni qaytarishga hamda piyodalar o‘tish joylarini tashkil etishga majbur bo‘lgan Muqimiy ko‘chasini ham esga olish kerak.
  • So‘nggi yillarda rekonstruksiya qilingan va kengaytirilgan ko‘chalarning aksariyati hozirda tirbandlik ichida qolgan.
  • Yangi trotuar va velosiped yo‘llariga mashina qo‘yib tashlangan, ba’zi joylarda ularning tarkibiy qismlari o‘pirilib ketgan. Velosiped yo‘llari (rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 100 km qurilgan) hokimiyat kutganchalik ommalashmadi. Ko‘pgina chorrahalarda ular shunchaki uzilib qolgan. 2025 yilgacha yana 250 km uzunlikdagi shunday veloyo‘laklar qurish rejalashtirilgan tag‘in.

Navoiy ko‘chasida qachonlardir avtobuslar, tramvay va trolleybuslar birdek harakatlangan. Foto: Vilfrid Vulf.Navoiy ko‘chasi 2018 yil dekabrda. Foto: Kirill Kryukov.

Shaharliklarga nima kerak?

Toshkent aholisi shaharda rejalashtirilgan har qanday o‘zgarishlar, ayniqsa, hayot sifati va xavfsizligiga ta’sir etuvchi muhim o‘zgarishlar haqida oldindan bilishi kerak.

Loyihalar hokimlik tomonidan yaxshilash niqobi ostida taqdim etilmasligi kerak, agar ular bunday bo‘lmasa («Obod mahalla» loyihasida bo‘lgani kabi). Aholida loyihalarni muhokama qilish va takliflar kiritish imkoniyati bo‘lishi kerak.

Hukumat ko‘chalarni rekonstruksiya qilish, piyodalar va velosiped yo‘llarini qurish bo‘yicha allaqachon amalga oshirilgan loyihalarni mustaqil auditdan o‘tkazishi, ularning sifati va samarasini baholashi, zarur hollarda loyihalarni qayta ko‘rib chiqishi va kamchiliklarni bartaraf etishi lozim. Audit va fuqarolar bilan maslahatlashuvlar, shuningdek, yagona standartlarni qabul qilish tugagunga qadar bu kabi loyihalar to‘xtatilishi kerak.

Tirbandlikka qarshi kurashda jamoat transportini rivojlantirish va uning tashish qobiliyatini oshirish (ko‘chalar o‘tkazuvchanligini emas) birinchi o‘ringa chiqishi kerak. Bunga katta va haddan tashqari katta sig‘imli harakat tarkiblarini sotib olish va ular harakatlanishi uchun alohida yo‘laklarni ajratish orqali erishiladi.

P. S. Hokimlik xabarini shunchaki qayta e’lon qiladigan O‘zbekiston yo‘l harakati xavfsizligi xizmati bu safar ham shunday qildi. Bu YHXXda loyiha bo‘yicha savollar yo‘qligi va uni to‘liq qo‘llab-quvvatlashini anglatadimi? Xuddi yo‘llar o‘rtasiga to‘siqlar o‘rnatilishi, ko‘chalarning kengaytirilishi, mahluqsifat transport bog‘lamalari, yer usti piyodalar o‘tish joylari qurilishlari va kelgusida ham rejalashtirilayotgan qurilishlar hamda boshqa «takomillashtirishlar»ni qo‘llab-quvvatlagani singarimi?