Turizm va sport vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi tomonidan bo‘lgan ogohlantirishlarga qaramasdan, 15 fevral kuni ertalab Kosmonavtlar maydonida Vladimir Janibekov haykali atrofidagi granit plitalarni ko‘chirish ishlari davom ettirildi.

«Gazeta.uz» muxbiri Kosmonavtlar maydonida bo‘lib, mutaxassislar va hokimiyat vakillari fikri bilan qiziqdi.


Nabixo‘ja G‘aniyev. Foto: Shuxrat Latipov / «Gazeta.uz».

Toshkent madaniy meros boshqarmasi bosh mutaxassisi Nabixo‘ja G‘aniyevning ma’lum qilishicha, maydonda o‘rnatilgan Vladimir Janibekov haykali («Koinot» majmuasi), moddiy va madaniy meros obyektlari ro‘yxatiga kiritilgan va davlat tomonidan muhofaza qilinadi. obyekt operativ boshqaruv huquqi asosida tuman obodonlashtirish bo‘limi balansida turadi.


Uning aytishicha, madaniy meros obyektlaridan 100 metrgacha bo‘lgan tutash hudud ham davlat muhofazasida bo‘ladi, biroq haykal atrofida chegara belgilari o‘rnatilmagan.

«Bu joyning buzilayotgani haqida yakshanba kuni xabar topdim. Voqea joyiga yetib kelganimda, ishlar to‘xtatib qo‘yilgandi. Kuni kecha ularga ishlarni Madaniy meros agentligidan ruxsat olgachgina boshlash kerakligi haqida ogohlantirish xatini kiritdim. Tadbirkor [ishlar boshlangani haqida] ogohlantirmasdan boshlab yuborgan. Kompaniyada [hokimiyatdan] yaroqsiz holatga kelib qolgan plitkani yangilash haqida buyruq kelganini aytishdi», — deya ta’kidlagan boshqarma vakili.


Nabixo‘ja G‘aniyevning aytishicha, buzish ishlarini amalga oshirayotgan Mimar Group kompaniyasi, shu paytga qadar bu ish uchun ruxsat olgan emas, sababi, kompaniya xatini Madaniy meros agentligi qoshidagi ilmiy-ekspertlar kengashi ko‘rib chiqishi kerak, bu uchun 30 kunlik muddat belgilangan.

U, shuningdek, quruvchi kompaniya hokimiyatning shoshilinch topshirig‘i tufayli ruxsat olish tartibi muddatini buzgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. «Qonunchilikni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Bu masala ustida yuristlar ishlashmoqda. Qonunbuzarlik holatlari uchun biz chora ko‘ra olmaymiz, bu sud tomonidan ko‘rib chiqiladi», — dedi agentlikning bosh mutaxassisi.


Madaniy meros agentligi matbuot kotibi Mohinur Imamova loyiha agentlik kengashi tomonidan ma’qullanguniga qadar, qurilish ishlari to‘xtatib turilishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

Yakkasaroy tumani hokimi Anvar Sayfutdinovning ta’kidlashicha, maydonda qurilish ishlari olib borilmayapti, haykal ham buzilayotgani yo‘q, balki plitkani yangilash va «o‘ta xarob ahvolda bo‘lgan» hududni obodonlashtirish rejalashtirilgan. U shahar hokimligi aholiga qulaylik yaratish maqsadida «yaxshi maqsadlarni ko‘zlaganini» ta’kidladi.


«Biz maydondagi plitkalarni yangilamoqchimiz, aholi sayr qilishi va dam olishi uchun hududni zamonaviy bir tusga keltirmoqchimiz», — dedi u.

Tuman hokimi, Madaniy meros agentligi mutaxassislarining tashrifidan so‘ng ishlar vaqtincha тўхтатилганини ma’lum qildi. Hokimning aytishicha, ishlar tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgach davom ettiriladi. Biroq, shunga qaramasdan, maqola chop etilgan vaqtda ham ishlar davom ettirilayotgandi.


Piyodalar maydonni yo‘lning transport qatnovi qismidan aylanib o‘tishga majbur bo‘lishmoqda. «Gazeta.uz» tomonidan ushbu muammoga e’tibor qaratilgach, tuman hokimi Anvar Sayfutdinov odamlarning xavfsiz harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishini aytdi.

Anvar Sayfutdinovning ta’kidlashicha, tuman hokimligi rejalashtirilgan ishlar haqida «shanba va yakshanba kunlari dam olish kuni bo‘lgani tufayli» oldindan xabar bera olmagan.

«Rasmiy izoh bugun ertalab e’lon qilingan. Shanba dam olish kuniga to‘g‘ri keldi. Vaqtida xabardor etmaganimiz uchun uzr so‘raymiz», — dedi u.


«Gazeta.uz» muxbiri loyiha katta ehtimol bilan ikki-uch kunda tayyorlanmagani, balki bunga uzoq muddat tayyorgarlik ko‘rilgani, bu ishlar doirasida pudratchi tanlanib, loyiha eskizi tayyorlangan bo‘lishi mumkinligini aytdi.

«Qandaydir anglashilmovchilik bo‘ldi. Biz uzr so‘raymiz. Lekin bugun hammasini tushuntirdik», — dedi bunga javoban tuman hokimi.

Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Davrukov, «Gazeta.uz» savoliga javob berar ekan, loyiha qiymati hozirda hisob-kitob qilinayotgani, pudratchi esa tender orqali (tahririyat bu haqda hokimiyat saytida yoki davlat xaridlari portalida ma’lumot topa olmadi) tanlanganini aytdi.

Foto: Yakkasaroy tuman hokimligi.

Toshkent shahar hokimligi mutaxassisi Azizbek Qurbonov obodonlashtirish ishlaridan so‘ng maydon konsepsiyasi o‘zgarishsiz qolishini ma’lum qildi. Maydonda yoritish moslamalarini o‘rnatish, yangi granit plitalarini yotqizish rejalashtirilgan. Ammo, seshanba kuni taqdim etilgan eskizga ko‘ra, plitalar och rangda bo‘lishi kutilmoqda. Mutaxassis esa maydonning qora plitalar yotqizilgan qismi saqlanib qoladi, deya ishontirgandi.


Maydonning avvalgi ko‘rinishi. Manba: Google Xaritalar.

U shuningdek, parklar va yashil zonalarni tashkil etish bo‘yicha ishlar O‘zbekiston prezidentining, inson qadri indeksini yaxshilash bo‘yicha bergan ko‘rsatmalariga asosan amalga oshirilayotganini qayd etgan edi.

Keyinroq maydonga poytaxt hokimi Jahongir Artikxodjayev hamda bosh vazir o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimovlar kelishdi. Hokim loyiha davlat budjetidan emas, balki Akfa kompaniyasi hisobidan moliyalashtirilayotganini ma’lum qildi.