Prezident Shavkat Mirziyoyev dushanba kungi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq bergandi. Shundan so‘ng, jamoatchilik faollari, blogerlar bu borada o‘z fikrlarini e’lon qilishdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov ushbu xabardan «xursand bo‘lishga shoshilmay turish kerak"ligini aytdi. Bakirov bugungi kunda UzAuto Motors uchun raqobat hosil qilishi mumkin bo‘lgan import avtomobillariga (dvigatel hajmi 3000 sm³gacha avtomobillar uchun) eng yuqori boj stavkalari o‘rnatilganligiga e’tibor qaratdi.

  • dvigatel hajmi 1000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun 30% + har kub sm uchun 1,80 dollar;
  • dvigatel hajmi 1001−1500 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun 30% + har kub sm uchun 2 dollar;
  • dvigatel hajmi 1501−3000 sm³ gacha bo‘lgan avtolar uchun 30% + har kub sm uchun 2,5 dollar miqdorida import bojlari o‘rnatilgan.

«Bu dvigatel hajmi 3000 sm³ gacha bo‘lgan yangi import avtomobillarning ishlab chiqaruvchi narxini kamida 2 barobarga qimmatlashtiradi», — deyiladi iqtisodchi izohida.

Bakirov kombinatsiyalashgan bojlardagi har kub sm uchun maxsus stavkalar bekor qilinishi kerakligini ta’kidladi. «Agarda bojlar 30%dan 15%gacha pasaytirilgan holatda ham, plyus qo‘shilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar o‘zgarmasa, amalda UzAuto Motors`ning monopoliyasiga zarracha ta’sir bo‘lmaydi», — deydi iqtisodchi. U har kub sm uchun maxsus stavkalar bekor qilinsa ham mahalliy ishlab chiqaruvchi 15% import boji va 15% QQS evaziga 32,25%lik ustunlikka ega bo‘lishini qayd etdi.

Shuningdek, u notarif chora ta’sirlarini bojlardan ham «dahshatliroq va zararliroq» deya ta’riflangan. «Biron importyor avtomobil import qiladi, lekin turli sertifikatsiya va muvofiqlashtirish, boshqa byurokratik sabablar tufayli avtomobillarni boj to‘lab ham ochiq rejimga olib chiqa olmaydi. Bu eng rasvo, eng jirkanch, eng isqirt usullardan hisoblanadi. Bir marta bunday usulga ro‘para kelgan biznes vakili avtomobil import qilish biznesidan butunlay voz kechadi (biz bunga elektromobillar importi masalasida ko‘p guvoh bo‘layapmiz)», — deydi bloger.

Bundan tashqari, Otabek Bakirov yopiq qarorlar bilan Chevrolet, Šcoda, Volkswagen (Uzauto Motors), Kia, Lada, Renault (Rudell) kabi avtomobillarni import qilish bo‘yicha UzAuto Motors va cho‘ntak xususiy kompaniyalarga berilgan imtiyozlarning bekor qilinishi muhimligini ta’kidlagan.

«Hamma bir startda va bir qoidalarda ishlashi zarur. Boshqacha aytganda, avtomobil bozorining erkinlashishi uchun faqat bojlarning kamaytirilishi kifoya emas, bunga hukumatning raqobatni qo‘llash bo‘yicha ochiq va shaffof harakatlari ham kerak bo‘ladi», — deydi u.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Doniyor G‘aniyev bojxona bojlarini 15 foizga pasaytirilishi hisobiga xorijdan olib kelinadigan import avtomobilining narxi o‘rtacha 10% arzonlashishi mumkin, deb yozdi.

Iqtisodchi Otabek Bakirov deputatning fikrini qo‘llab-quvvatlab, import avtomobilining narxlari 10 foizga arzonlashishi mumkinligini, lekin undan ortiqqa pasaymasligini ta’kidladi. «Agarda bojlar 30%dan 15%gacha pasaytirilgan holatda ham, plyus qo‘shilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar o‘zgarmasa», deb yozdi u.

Bakirov jadvaldagi hisob-kitoblar orqali buni tushuntirib bergan.

«Masalan, dvigatel hajmi 1000 sm kubgacha bo‘lgan, tannarxi 4000 dollarlik import avtomobil bugungi boj tizimida importyor ustamasini hisobga olmaganda 8860 dollarga tushadi. Agar bojlar 15%gacha pasaytirilsa (maxsus qo‘shilgan har kub sm uchun maxsus stavkalar o‘zgarmasa) xuddi shu avtomobilning importi endi sizga 8 170 dollarga aylanadi. Farqi deyarli sezilmaydi. Har holda bozordagi vaziyatni o‘zgartiradigan darajada emas», — deb yozadi Bakirov.


Foto: t.me/the_bakiroo

Jadvalda shuningdek, tannarxi 7000 dollarlik (1500 sm3), 11000 dollarlik (2000 sm3) import avtomobillar qiymati bo‘yicha umumiy hisob-kitoblardagi o‘rtacha taxminiy o‘zgarishlarni ham hisobga olingan.

Tadbirkor Oybek Erkin Markaziy Osiyo Telegram kanalida ushbu vaziyat bo‘yicha o‘z hisob-kitoblari bilan bo‘lishgan.

U hisob-kitoblarni qiymati 1000 AQSh dollar turadigan Chevrolet Spark misolida keltirib, hozirda import avtomobillar uchun quyidagi to‘lovlar mavjudligini ta’kidlagan:

  • Mashina qiymatidan boj 30% = 3,000$
  • Mashina motor hajmidan 1.8$ dan = 1000ss-1,800$
  • QQS 15% = 1,500$
  • Utilizatsiya yig‘imi BHM (270 000 so‘m)*30 barobar = 7,350,000 so‘m=680$

Shunda, bitta Spark kabi mashina uchun jami boj 6,980 dollarga teng bo‘lardi.

«Endi yangi o‘zgarishga ko‘ra … boshidagi 3,000$ ni o‘rniga, 1,500$ to‘lanadi. Qolganlari o‘zgarishsiz qolmoqda. Shunda bitta Spark`ga o‘xshagan mashinaga jami 5,480$ „rastamojka“ chiqadi», — deyiladi Oybek Erkin izohida.

«Menimcha bu unchalik katta o‘zgarish emas. Kamida shu turishiga har bir kubik santimetr motor hajmidan olinadigan 1.8$~3$ lik boj ham bekor bo‘lsa, ancha yengillik bo‘lar edi. Balki rasmiy qaror chiqsa, unda shular to‘liq aks etar», — deya umid bildirgan tadbirkor.

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyevning o‘z Telegram kanalida yozishicha, bu vaziyatda «albatta foyda ko‘ruvchi guruh bor». Uning ta’kidlanishicha, «bunday kishilar, qimmat avtomobil import qiluvchi aholining eng daromadi yuqori qatlami. Ya’ni aholining daromadi yuqori kichik guruhi hozirgacha ham chet eldan avtomobil olib kelar edi. Chegaradagi bojning 15% ga pasayishi esa ular iste’mol qiladigan avtomobillar narxining sezilarli pasayishiga olib keladi».

«Bojlarning pasayishidan o‘rta daromadli aholi qatlami (ya’ni o‘rtacha narxdagi avtomobil xarid qilishga imkoniyati borlar) hech nima yutmaydi, bu o‘zgarish ular uchun hech nimani anglatmaydi, ular yana o‘sha „qadrdon“ zavodimiz chiqarayotgan avtomobillarga navbatda turishga majbur bo‘ladi. Qarordan asosiy foyda ko‘radiganlar esa daromadi eng yuqori va import avtomobillarini iste’mol qiladigan boylar», — deyilgan iqtisodchi postida.