Davlat bojxona xizmati organlari tomonidan yirik miqdorda — og‘irligi 245 kg 200 grammga teng giyohvandlik vositalarini O‘zbekiston hududiga yashirin ravishda olib kirish holati fosh qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita xabariga ko‘ra, giyohvand vositalar Tojikistondan Rossiya Federatsiyasiga qarab yo‘l olgan 21 tonna 649 kg paxta tolasi ortilgan yuk mashinasida aniqlangan. Mashina «Oybek» chegara-bojxona postida to‘xtatilgan.

Bojxona xodimlari ko‘rik davomida yuk orasida shubhali obyektlar borligini ko‘rib qolib, yuk avtotransport vositasini chuqurlashtirilgan holda bojxona ko‘rigidan o‘tkazish haqida qaror qabul qilishadi. Yuk avtotransport vositasi xavfsizlik nuqtai nazaridan chegara-bojxona postidan chekkaroq hududga — «Yangiyo‘l» bojxona posti tasarrufidagi bojxona omborida tekshiruvdan o‘tkaziladi.


Xabarga ko‘ra, yuk orasidan 232 dona dona turli ranglardagi skotchlarda, turli usullarda o‘ralgan giyohvandlik vositalari topiladi. Ўрамларнинг jami og‘irligi o‘rami bilan birgalikda hisoblaganda 245 kg 200 grammni tashkil qilgan. Ekspertiza xulosasi ularning barchasi «geroin» giyohvandlik vositasi ekanligini tasdiqlagan. Mazkur holatda to‘xtatib qolingan geroinning sof og‘irligi 229 kg 719 grammni tashkil qilganligi aytildi.

Bojxona qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu narkotik vositalarning Yevropa «qora bozorlari»dagi narxi hozirda o‘rtacha 12−14 mln AQSh dollarini tashkil qilmoqda.