Qashqadaryo viloyati Ekologiya boshqarmasi, Ichki ishlar boshqarmasi va Milliy gvardiya tomonidan o‘tkazilgan reydda 23-sonli maktabi hududida noqonuniy daraxt kesilganligi aniqlandi.

Ekologlar tomonidan kesilgan daraxtlar sanoqdan o‘tkazilganda maktab hududida turli xil diamertdagi 7 dona qayrag‘och daraxti kesilganligi ma’lum bo‘lgan.

Holat yuzasidan huquqbuzarlarga nisbatan MJtKning 79-moddasi 1-qismi (Daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish) bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 2 mln 700 ming so‘m jarima hamda 592 ming so‘m zarar qo‘llangan.

Eslatib o‘tamiz, prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan mamlakatda daraxtlarni kesishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi. Shunga qaramasdan hududlarda daraxtlarni noqonuniy kesish holatlari davom etmoqda.

Avvalroq, 40 ga yaqin daraxt kesilgani uchun Qarshi davlat universitetining 6 nafar xodimiga nisbatan ish ochilgandi. O‘shanda Qo‘mita kesilgan daraxtlar tufayli o‘simlik dunyosiga yetkazilgan zarar 267 mln 543 ming so‘mni tashkil etishini ma’lum qilgandi.

Yanvar o‘rtalarida Andijon viloyati perinatal markazida 12 tup daraxt kesib tashlangani haqida yozgan edik. O‘shanda O‘zbekiston Ekologiya davlat qo‘mitasi “dastlabki tergov natijalariga ko‘ra, hududdagi daraxtlarni kesish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda atrof-muhitni muhofaza qilish organi bilan kelishilmagan. Mazkur hududdagi daraxtlarni kesishga qonunchilikda belgilangan tartibda ekologiya organi xulosasi va ruxsatnoma berilmagan”, — deb ma’lum qilgan edi.

Yana bir holatda Andijon shahar Obodonlashtirish boshqarmasi tomonidan viloyat perinatal markazi hududidagi 12 tup daraxt kesildi. Daraxtlarning kesilishi Ekologiya qo‘mitasi bilan kelishilmagan. Viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov daraxtlarni kesishga buyruq berganini hokimlik matbuot xizmati rad etdi.