AQShning Heritage Foundation tomonidan “Iqtisodiy erkinlik indeksi — 2022” navbatdagi hisoboti e’lon qilindi. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi reytingning qisqacha sharhini taqdim etdi.

Reytingning kuchli uchligidan Singapur (84,4 ball), Shveysariya (84,2 ball) va Irlandiya (82,0 ball) o‘rin oldi. Kuba (29,5 ball), Venesuyela (24,8 ball) va Shimoliy Koreya (3,0 ball) reytingning so‘nggi o‘rinlarini band qildi.

O‘zbekistonning reytingdagi pozitsiyasi

O‘zbekiston hisobotda 55,7 ball to‘plagan holda 177 davlat orasida 117-o‘rinni egalladi. Reytingda mamlakatning yakuniy bahosi 2,6 ballga pasaygan. Indeks metodologiyasiga muvofiq, O‘zbekiston iqtisodiyoti asosan “erkin bo‘lmagan mamlakatlar” guruhida qoldi.

Barqaror ijobiy tendensiyaga qaramay (5 yilda +35 pozitsiyaga yuqorilagan), O‘zbekiston 2022 yilgi reytingda 9 pog‘onaga pastladi.

Mamlakat savdo erkinligi (+20,2), investitsiya (+30,0) va moliyaviy erkinlik (+20,0) va monetar erkinlik bo‘yicha baholarida (+1,3) sezilarli o‘sish qayd etilgan. Qolgan yo‘nalishlarda esa pasayish kuzatilgan, xususan, eng yomon ko‘rsatkich “sud samaradorligi” (-37,7) yo‘nalishi bo‘ldi. “mulkchilik huquqi” ko‘rsatkichi ham keskin pasaydi — bu yo‘nalishda O‘zbekiston 26,2 ball yo‘qotdi.

Reytingda 177 ta davlatdan 119 tasida (67,2 foizida) pasayish kuzatildi. MDH mamlakatlari orasida faqatgina Moldova va Turkmaniston o‘z pozitsiyasini yaxshilagan.

Reytinda pozitsiya yo‘qotilishi sababi

Reytingda pasayishiga hisobot metodologiyasidagi o‘zgarishlar sabab bo‘ldi. Xususan, ko‘rsatkichlar va ularni hisoblash, shuningdek, foydalanilgan xalqaro ma’lumotlar manbalari endi boshqacha ko‘rinishga ega bo‘lgan.

Jahon banki Doing Business hisobotini chiqarishni to‘xtatganligi sababli, 2022 yil indeksi mulkchilik huquqi, sud samaradorligi, hukumat yaxlitligi, biznes erkinligi va mehnat bozori erkinligini o‘lchaydigan subfaktorlar uchun boshqa ochiq ma’lumot manbalarini qabul qilgan. Xususan, indeks endi o‘z baholashlariga Freedom House va boshqa manbalardan olingan ma’lumotlarni kiritadi.

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasiga javoban davlat siyosatining o‘zgaruvchanligi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida iqtisodiy sharoitlarda, jumladan, iqtisodiy erkinlik darajasida sezilarli tebranishlarga olib kelgan. Ushbu o‘zgarishlar doimiy yoki vaqtincha ekanligi hozircha noma’lum ekanligi aytildi.

Esaltib o‘tamiz, Freedom House`ning internet erkinligi darajasini aniqlovchi Freedom on the Net 2021 hisobotida O‘zbekiston 100 balldan 28 ball to‘plagan edi. Mamlakat erkin internetga ega bo‘lmagan davlatlar ro‘yxatiga kiritilgandi.