Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kungi yig‘ilishda O‘zbekistonda 3 oy muddatda elektromobil tarmog‘ini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi, deb xabar berdi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

«Yana bir masala — jahonda elektromobillar ishlab chiqarish jadal rivojlanib, avtomobil bozorida salmoqli o‘rin egallamoqda. Biz ham bu sohada ortda qolmasligimiz uchun amaliy ishlarni hozirdan boshlashimiz kerak», — dedi prezident.

Davlat rahbari strategiyaga elektromobillar uchun butlovchi qismlar va materiallarni mahalliylashtirish dasturini kiritish, shuningdek, ularga qo‘yiladigan texnik talablar va zamonaviy standartlarni ishlab chiqish vazifasini qo‘ydi.

Shuningdek, yil oxirigacha xorijiy kompaniyalar bilan muzokaralarni yakunlash va strategik hamkor bilan loyihani boshlash bo‘yicha topshiriq berildi. Hisobotda muzokaralar nima haqida ketayotgani tushuntirilmagan.

2020 yil oxirida hukumat «O‘zavtosanoat» kompaniyasini faqatgina elektromobillar ishlab chiqarishga o‘tkazishni rejalashtirgandi. «O‘zavtosanoat» Strategik bo‘lim boshlig‘i Rustam Qodirov 2021 yilning mart oyida O‘zbekistonda 2025 yillarga kelib elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi mumkinligi haqida ma’lum qilgandi.

Ammo 2022 yildayoq Central Asia Motors kompaniyasi Farg‘ona mexanika zavodi hududida elektromobillarni ommaviy ishlab chiqarishni boshlashi mumkin. Loyiha 50 million dollarga baholangan (5 mln dollar tadbirkorning o‘z mablag‘lari, yana 5 mln dollar bank krediti, qolgan 40 mln dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya), zavod yiliga 10 ming dona elektromobil yig‘a oladi.

Fevral oyi boshida Energetika vazirligi davlat elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘ini kengaytirish dasturini tayyorlayotganini ma’lum qilgandi. Spot`ning yozishicha, bungacha elektromobillar infratuzilmasi bilan faqat xususiy kompaniyalar shug‘ullangan.

Iqtisodiy taaqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekistonda elektromobillar va elektrotexnika ishlab chiqarishning prognoz qilinadigan o‘sishini hisobga olgan holda, «O‘zeltexsanoat» uyushmasi va «O‘zavtosanoat» AJ bilan birgalikda Mis klasteri (OKMK) asosida elektromobillar uchun elektr yonilg‘i quyish shoxobchalari ishlab chiqarishni ko‘rib chiqishni taklif qilgandi.