Kosmonavtlar maydonidagi rekonstruksiya ruxsatsiz boshlangan

Madaniy meros agentligi kosmonavt Vladimir Janibekov haykali atrofidagi marmar plitalar ruxsatsiz demontaj qilinayotganini ma’lum qildi. Hokimiyat topshirig‘iga asosan uni rekonstruksiya qilayotgan «Mimar Group» kompaniyasi esa ogohlantirish oldi. Ish to‘xtatildi.

Murod Nazarov Ocard suv brendi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli ekanini aytdi

Tadbirkor Murod Nazarov Ocard suv brendi Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qiziga tegishli ekanini ma’lum qildi. Ocard savdo belgisi patenti J-United Group korxonasiga tegishli. Bu kompaniya ta’sischisi esa Toshkent shahar hokimi Jaxongir Ortiqxo‘jayev hisoblanadi.

Gulnora Karimovaning xorijdagi aktivlarini qaytarish uchun trast jamg‘arma tashkil etiladi

Gulnora Karimovaga nisbatan jinoyat ishi doirasida musodara qilingan aktivlarni qaytarish uchun BMTning ko‘ptomonlama trast jamg‘armasi tashkil etiladi. Adliya vazirligi mablag‘lar O‘zbekiston aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanishini ma’lum qildi. Shuningdek, Fransiyadan yana 10 mln dollar qaytarildi, qolaversa, 131 mln dollarlik aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor.

Yunusobodda daraxtlar tagi betonlab ketilgan holat yuzasidan jinoyat ishi ochildi

3 fevral kuni poytaxtning Yunusobod tumanida tadbirkor qurilish uchun sotib olgan yer uchastkasida o‘sayotgan daraxtlarni tag qismidan betonlab tashlagandi. Yunusobod tuman prokuraturasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi. Gumonlanuvchilar maksimum 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin.

Yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha ma’muriy reglament tasdiqlandi

Hukumat yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘ycha reglamentni tasdiqladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari va yuridik shaxslariga yer uchastkalarini xususiylashtirish bo‘yicha davlat xizmatlari DXM yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatiladi.

O‘zbekistonga qariyb 230 kg geroin olib kirilishining oldi olindi

Bojxona xodimlari tomonidan Toshkent viloyatidagi «Oybek» postida to‘xtatilgan yuk mashinasida 229,7 kg «geroin» giyohvandlik vositasi aniqlandi. Ushbu narkotik vositalarning Yevropa «qora bozorlari»dagi narxi hozirda o‘rtacha 12−14 mln dollarni tashkil etadi.

Uzbekistan Airways uzoq masofaga mo‘ljallangan ilk A321LR havo kemasiga ega bo‘ldi

Uzbekistan Airways kompaniyasi uzoq masofaga uchuvchi Airbus A321neo (LR) havo kemasini qabul qilib oldi. 188 yo‘lovchiga mo‘ljallangan samolyot LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan. Yil oxirigacha yana to‘rtta samolyot yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im bekor qilinishi ortidan bozorda yuqori o‘sish kuzatildi

2022 yil yanvar oyida 113,2 ming dona (2021 yanvariga nisbatan 126,4% ko‘p) avtotransport vositalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Bunday o‘sishga 1 yanvardan avtomobillarni sotib olganlik uchun yig‘imning to‘liq bekor qilinishi va oldi-sotdi shartnomasini notarial rasmiylashtirishda undiriladigan davlat boji BHMning 3 barobarigacha kamaytirilishi sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston terma jamoasining birinchi murabbiyi vafot etdi

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining birinchi murabbiyi Rustam Akramov 73 yoshida vafot etdi. U 1992−1994 yillardagi faoliyati davomida jamoa bilan Markaziy Osiyo chempionati va 1994 yil Xirosimada o‘tgan Osiyo o‘yinlarida g‘alaba qozongan. Keyingi ikki yilda esa Hindiston terma jamoasini boshqargan.

1 apreldan moliyaviy qoidabuzarliklar haqida xabar berganlar mukofotlanadi

Prezident qarori bilan 1 apreldan moliyaviy nazoratga oid qoidabuzarliklar haqida xabar bergan shaxslar mukofotlanadi. Qolaversa, 2023 yil qadar «Elektron nazoratchi-taftishchi» dasturiy majmuasi to‘liq ishga tushiriladi. Moliya vazirligi huzurida esa Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tashkil etildi.

Toshkent viloyatida maktab o‘quvchilari yupun kiyimda mehmon kutishga chiqarildi

Qibray tumanidagi 29-maktabda o‘quvchi qizlar sovuq havo bo‘lishiga qaramay, yupun kiyimda mehmonlarni kutib olishga chiqarildi. Toshkent viloyat XTB tadbir maktab tomonidan emas, balki «Oltin meros» xayriya fondi va «Yangi yo‘l» mahallasi tomonidan o‘tkazilganini ma’lum qildi. Mazkur holatga yo‘l qo‘ygan maktab rahbariyatiga esa chora ko‘rilishi aytildi.

Toshkent davlat texnika universitetida erkak o‘zini beshinchi qavatdan tashlashga urindi

Toshkent davlat texnika universitetidagi qurilishda ishlagan yollanma ishchi maoshini ololmaganligi sababli o‘zini beshinchi qavatdan tashlashga urindi. Hodisa joyiga yetib borgan Olmazor IIB FMB boshlig‘i muzokara o‘tkazib, 40 yoshdan oshgan fuqaroni pastga tushirishga erishdi. Oliy ta’lim vazirligi ishchiga qurilish tashkiloti maoshini to‘lab berganini qo‘shimcha qildi (yangilandi).

Toshkentdagi «Anhor-Lokomotiv» bog‘i 376,5 mlrd so‘mga sotuvga qo‘yildi

Poytaxtning Shayxontohur tumanida joylashgan «Anhor-Lokomotiv» ko‘ngilochar va dam olish bog‘i ochiq auksionda sotuvga qo‘yildi. 8,35 gektar maydonga ega bog‘ning boshlang‘ich narxi 376,4 mlrd so‘mga baholangan.

UNICEF O‘zbekistonga vaksinalarni saqlash uchun $500 mingdan ortiq qiymatdagi uskunalarni taqdim etdi

UNICEF O‘zbekiston hukumatiga vaksinalarni saqlash omborlari uchun 500 ming dollardan ko‘proq qiymatdagi 118 muzlatgich, 7 ming dona termosumka va tibbiyot xodimlari uchun shaxsiy himoya vositalarini topshirdi (foto).

Qashqadaryoda 7 tup qayrag‘ochni kesgan shaxslar 2,7 mln so‘m jarimaga tortildi

Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidagi 23-sonli maktab hududida noqonuniy ravishda 7 tup qayrag‘och daraxti kesilganligi aniqlandi. Huquqbuzarlar 2,7 mln so‘m jarimaga tortildi, qolaversa, 592 ming so‘mlik zarar ham qo‘llanildi.

Farg‘onada tadbirkorga avtomobil yo‘nalishini biriktirib bermoqchi bo‘lgan bosh inspektor ushlandi

Farg‘ona viloyati Transport boshqarmasi xodimi tadbirkorga Farg‘ona shahridagi 30-avtomobil yo‘nalishini 1 500 dollar evaziga 3 yilga biriktirib berishni va’da qilgan. Shundan 1 000 dollarini olgan vaqtida tezkor tadbir davomida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkentda pnevmatik miltiq bilan mushuk va itlarni ovlagan erkak 15 sutkaga qamaldi

Toshkentning Mirobod tumanida pnevmatik miltiq yordamida mushuk va itlarni ovlab kelgan erkakka MJTKning hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish va qurollardan noqonuniy foydalanish moddalari bilan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. U 15 sutkaga ma’muriy qamoqqa olindi.

Samarqand viloyati prokurori o‘zgardi

2020 yil oktabridan Namangan viloyati prokurori lavozimida ishlab kelgan Jahongir Hatamov Samarqand viloyati prokurori etib tayinlandi.

Rossiyadan O‘zbekistonga maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda

Rossiyada qolib ketgan o‘zbekistonliklarni mamlakatga olib kelish uchun 2 ta maxsus poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi. Poyezdlar 18 va 25 fevral kunlari Voljskiy shahridan yo‘lga chiqadi.

«Gazeta.uz»da e’lon qilingan maqolalar

Navoiy ko‘chasini ham shossega aylantirishga qaror qilindi

Ahmad Donish va Farg‘ona yo‘li ko‘chalarini tezyurar shosselarga aylantirgan Toshkent hokimligi yana bir markaziy ko‘cha — Alisher Navoiy ko‘chasiga ham qo‘l uzatdi. Ishlar yana ogohlantirishsiz boshlab yuborildi. Reja prezidentning shahar birinchi navbatda piyodalar uchun qulay bo‘lishi kerakligi haqidagi bayonotiga zid kelmoqda. «Gazeta.uz» nashrining davlat rahbariga murojaati.

«Yaxshi maqsadni ko‘zlaganmiz». Tuman hokimi — Kosmonavtlar maydoni rekonstruksiyasi haqida

Ruxsat berilmaganiga qaramasdan quruvchilar Kosmonavtlar maydonidagi granit plitalarni ko‘chirib tashlashni davom ettirishdi. Tuman hokimi Anvar Sayfutdinovning ta’kidlashicha, dam olish kunlari sababli loyiha haqida oldidan xabar berilmagan. Uning aytishicha, hokimiyat fuqarolarga qulayliklar yaratishda «yaxshi maqsadlarni ko‘zlagan». Shahar hokimiyati vanihoyat loyiha eskizini e’lon qildi. Chizmada yangi marmarning rangi avvalgisidan farq qiladi.