O‘zbekistonga 14 fevral kuni Germaniyaning Gamburg shahridan birinchi Airbus A321neo (LR) havo kemasi olib kelindi, deb xabar bermoqda Uzbekistan Airways aviakompaniyasi matbuot xizmati. Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Markaziy Osiyoda Airbus`ning uzoq masofaga mo‘ljallangan samolayotining birinchi operatori bo‘ldi.

UK32101 ro‘yxatga olish raqamini olgan samolyot 188 yo‘lovchiga (biznes-klassdagi 16 o‘rin, ekonom klassida 172 o‘rin) mo‘ljallangan va CFM International LEAP-1A dvigatellari bilan jihozlangan. Aviakompaniya A321LR dan mahalliy va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha foydalanishni rejalashtirmoqda.

Foto: Roman Valiyev.

«Aviakompaniyaning yaqin kelajakdagi rejalari — yaqin va uzoq xorij mamlakatlariga parvozlar geografiyasini kengaytirish, shuningdek, yangi va qulay samolyotlarni sotib olish orqali aviaparkini kengaytirish bo‘yicha faol ish olib borish. Buning yaqqol misoli bu yil oxirigacha qabul qilib olinadigan beshta Airbus samolyotlariga buyurtma berilishidir, — deydi Uzbekistan Airways boshqaruv raisi Ilhom Mahkamov.

Kompaniya jami 5 ta Airbus samolyotlariga buyurtma bergan: yana to‘rtta avialayner 2022 yilning oxirigacha yetkazib beriladi.

Ilhom Mahkamov «Daryo» nashriga bergan intervyusida kompaniya samolyotlar parkini uzoq masofali A321neo yangi versiyasi yordamida modernizatsiyalashda davom etishini ta’kidlagan. «LEAP dvigatellari bilan jihozlangan komfort-klass samolyotlarimiz Yevropa, Amerika, Yaqin Sharq, Osiyoning 22 ta shahriga va MDHning 24 shahriga reyslarni amalga oshiradi, shuningdek, 11 ta ichki yo‘nalish bo‘yicha foydalaniladi», — deydi u.

A321LR — bu katta hajmli yoqilg‘ini saqlashga mo‘ljallangan uchta qo‘shimcha markaziy bak (ACT) tufayli 7400 kmgacha bo‘lgan masofaga uchish imkonini beradigan kengaytirilgan diapazonga ega A320neo`ning versiyasi.

Avvalgi avlod samolyotlariga nisbatan modelning yoqilg‘i sarflanishi, CO2 chiqindilari va har bir o‘rindiq uchun foydalanish xarajatlari 30 foizga kamaytirilgan.