Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yakunida UzAuto Motors avtomobillari yetkazib berish muddati cho‘zilib ketayotganiga yana bir bor to‘xtaldi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

«Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari yana avtomobil uchun navbatlar mavzusiga qaytib, navbatda turgan har bir buyurtmachiga „UzAuto Motors“ kompaniyasi tomonidan avtomobil yetkazib beriladigan aniq sana ko‘rsatilgan xabarnoma yo‘llash bo‘yicha topshiriq berdi», — deyiladi xabarda.

Avvalroq, prezident 1 mayga qadar navbatlarni bartaraf etish va UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirishga ko‘rsatma bergandi. Bunga qadar deputat Rasul Kusherbayev esa hali olmagan avtomobili uchun odamlar 15 foiz to‘lov qilishi ham yetarli ekanligini ta’kidlagandi.

11 fevraldagi yig‘ilishda ham Shavkat Mirziyoyev odamlar avtomobilga pul to‘lab qo‘yib, mashinasini ololmayotganini tanqid qilgandi.

«Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti. Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, odamlarning mashinaga talabi oshib boryapti», — degandi u.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabr kuni 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Ko‘rsatilgan muddatda esa Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilish qayta tiklanmadi. «Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchi 25 yanvar kuni kuzatilgan keng qamrovli elektr energiyasidagi uzilishlardan so‘ng, muammolarga duch kelgan. Elektr uzilishlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan, bu esa komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning tizimli ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.