Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on mart oyi oxirlarida Toshkentga tashrif buyurishi rejalashtirmoqda.

Bu haqda Turkiya prezidenti Istambuldagi «Vahdetdin» qarorgohida Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi a’zolari bilan uchrashuvda ma’lum qildi, deb xabar berdi Senat matbuot xizmati.

Foto: Senat matbuot xizmati.

Uchrashuvda Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashining a’zosi Bahtiyor Sayfullayev Turkiya rahbarining salomatligi tiklanganidan xursandligini bildirib (Turkiya prezidenti va uning rafiqasi koronavirusga chalingan edi — tahr.) O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya rahbari Rejep Tayyib Erdo‘g‘on o‘rtasidagi samimiy munosabatlar O‘zbekiston va Turkiya davlatlari o‘rtasidagi do‘stona aloqalar tiklanishiga poydevor bo‘lganini bildirgan.

Shuningdek, O‘zbekiston yetakchisining siyosiy irodasi tufayli nafaqat Markaziy Osiyoda muhit tomoman yangilanib, yaxshi qo‘shnichilik aloqalari tiklangani, balki Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan mustahkam birodarlik rishtalari bog‘lagani, tashkilotning to‘laqonli faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganiga urg‘u berilgan.

«Bu fikrni Erdo‘g‘an qo‘llab-quvvatlab, joriy yil mart oyi oxirlarida Toshkentga borishni rejalashtirayotgani, kuzda O‘zbekistonda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti ushbu tashkilot faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etishiga ishonishini bildirdi», — deyiladi xabarda.

«So‘zim yakunida Inim Shavkatbey Mirziyoyev Janobi Oliylariga samimiy salomlarim va ezgu tilaklarimni yetkazishingizni so‘rayman», — deya ta’kidlagan Rejep Tayyib Erdo‘g‘on.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning noyabr oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahri yaqinidagi Demokratiya va erkinlik orolida o‘tgan Turkiy kengash sammitida nutq so‘zlab, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi nomi «Turkiy davlatlar tashkiloti» deb o‘zgartirishni hamda Turkiy davlatlar tashkilotining birinchi sammitini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif etgandi.