14 fevral kuni Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov raisligida o‘tkazilgan hokimlik soatida Marhamat tumanidagi 72-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabidagi uzrbozlik masalasiga to‘xtalib o‘tilgan.

XTVning xabar berishicha, yig‘ilishda Andijon viloyati Marhamat tumanidagi maktabda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimi o‘rinbosari Muxtor Qurbonov ishdan bo‘shatildi, tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshevga esa hayfsan berildi.

Bundan tashqari, 72-IDUM direktori Muqaddamxon Hasanova hamda Marhamat tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidovani vazifasidan ozod etish bo‘yicha xulosaga kelingan.

Avvalroq, XTV uzr so‘rash tadbiri tuman hokimligi tashabbusi ekanligini tasdiqlagandi. Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov Andijonda uzr so‘rashga majburlangan o‘qituvchilar bilan uchrashib, ushbu holatni «ustoz sha’nini yerga urish» deb baholadi. Qolaversa, bunga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga chora ko‘rilishini ma’lum qildi.

Bunga qadar, XTV o‘rganish ishlarini yakunlab, Marhamat tumani hokimligi tashabbusiga asosan tashkil etilgan mazkur tadbirga qonuniy baho berish uchun hujjatlarni Bosh prokuraturaga yuborgandi.

Xronologiya

4 fevral kuni Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktablardan birining direktori va o‘qituvchilari ta’lim sifati va bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish darajasi pastligi uchun ota-onalaridan uzr so‘rashga majbur qilingan edi.

Voqea yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan Kun.uz nashrining yozishicha, uzrxonlik tadribi tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning topshirig‘i bilan tashkillashtirilgan. Buni viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham tasdiqladi.

72- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 300 nafardan ortiq ota-onadan tashqari tumandagi boshqa ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan. Boshqa maktablar vakillariga uzr so‘rash majlisi namuna sifatida ko‘rsatilib, ularning maktablarida ham shunday tadbirlar o‘tkazilishi aytilgan.

Bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriqni tuman hokimi bergan. Topshiriq ijrosini ta’minlash hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova zimmasiga yuklatilgan. Ustozlarning ta’kidlashicha, ular qarshilik qilishiga qaramasdan so‘zga chiqish va ota-onalardan uzr so‘rash qat’iyan talab qilingan.

«Kerak bo‘lsa ko‘zyosh to‘kishimiz haqida ham aytishdi. Ayrim ustozlar chidab tura olmadi. O‘ttiz yildan buyon o‘quvchilarga ta’lim berayotgan ustozlar ham tik turishga majburlandi. Hammasi ssenariy bo‘yicha bo‘ldi. Qaysi so‘zni aytishimiz, qachon sahnaga chiqishimiz — hammasi oldindan rejalashtirilgan edi», — deydi tadbirda ishtirok etgan o‘qituvchilardan biri.

Bundan tashqari, 3 fevral kuni repetitsiya qilish ham kelishib olingan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra tayyorgarlik ko‘rish, so‘zga chiqqanlarning ma’ruzalarini tinglash 4 fevral kuni ertalab amalga oshirilgan.

Maktab direktori Muqaddamxon Hasanovaning ta’kidlashicha, u dastlab bu majlisga qarshi chiqqan. Biroq tuman hokimi o‘rinbosarining iltimosiga binoan o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

U majlisda maktabdagi so‘nggi uch yillik faoliyat bo‘yicha hisobot bergan. Hisobotning tanqidiy qismi boshlangan paytda maktab o‘qituvchilari zalga olib kirilgan va qator qilib turishlari aytilgan. Direktor ma’ruzasidan so‘ng, oldindan tayyorlangan o‘qituvchilar o‘z fanini yaxshi o‘qita olmayotgani uchun uzr so‘rashgan, deb yozdi Kun.uz.

Biroq tadbir davomida o‘qituvchilarning boshini egib turishini hazm qila olmagan ota-onalar va o‘qituvchilarning o‘zlaridan e’tirozlar bo‘lgan.

«Ustozni bunaqa qilish kerak emas. Men o‘sha kuni chidab tura olmadim. Chiqib bu ishlari noto‘g‘ri ekanini aytdim. Aslida ular emas, biz tik turishimiz, ustozlar esa o‘tirib bizni tomosha qilishlari kerakligini ta’kidladim. Besh qo‘l barobar emas ekan-da», — deya ta’kidladi ota-onalar vakili Hikmatulla Ataxanov.

Ikki soatdan ortiq davom etgan tadbirda o‘qituvchilar bir soat tik oyoqda turishgan.

«Bir hamkasbimiz olti oy oyog‘i gipsda yurib, yaqinda ishga chiqqan edi. Uni ham tik turg‘izib qo‘yishdi. Yiqilib tushay dedi. Juda ko‘p o‘qituvchilar o‘sha yig‘ilishdan keyin shu kasbni tanlaganidan afsuslanganini aytishdi», — dedi shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, yig‘ilishda ota-onalar vakili sifatida qatnashgan Ominaxon Xolmirzayeva.

Tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshev va uning o‘rinbosari esa uzr so‘rash bo‘yicha topshiriq bo‘lmaganini aytib, bu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ustozlar va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish ekaniga urg‘u berishdan nariga o‘tishmagan.

«Bu topshiriqni men berganman. Lekin uzr so‘ratish bo‘yicha emas. U yerda uzr so‘ratilmagan. Tumandagi 45ta maktab direktoriga so‘nggi uch yillikda muassasasidagi yutuq va kamchiliklar xususida murojaat qilishi aytilgan. Ta’limni o‘qituvchi, tarbiyani ota-ona berishi haqida tushuntirish maqsad bo‘lgan», — deya izoh bergan tuman hokimi.

U o‘qituvchilar tomonidan aytilgan barcha iddaolarni rad qildi.

Jamoatchilik munosabati

Iqtisodchi Otabek Bakirov vaziyatga izoh berar ekan, «ta’lim uchinchi sinf kallasi bilan qolgan savodsiz hokimlar va ularning yugurdak shotirlari qo‘liga topshirilsa shunaqa bo‘ladi», dedi.

«Odam bolasi bunday qilmaydi, chunki odam bolasini o‘qituvchi o‘qitadi va o‘qituvchi qanchalar muqaddas ekanini odam bolasi juda yaxshi biladi. Yuz bergan voqealar jinoyat. Shunga yarasha chora ko‘rilishi kerak. Balki xaspo‘shlab yuborishar. Birinchi marta emas», — deb yozdi u.

Davletovuz blogi muallifining fikricha, barcha o‘rganishlar faqat va faqat markazdan bo‘lishi kerak va barcha savollar viloyatni o‘z bekligiga aylantirib olib, doimo suvdan quruq chiqadigan viloyat rahbariyatiga qo‘yilishi kerak.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonovning ta’kidlashicha, Andijonda o‘qituvchilar ota-onalar oldida bosh egib, uzr so‘rashga majburlangani uchun viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning shaxsan o‘zi barcha ustozlardan uzr so‘rashi kerak.