Maktablardagi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘quvchilarni majburiy jalb etish taqiqlanadi, deya xabar berdi Xalq ta’limi vazirligi.

Maktablarda o‘qish jarayonidan tashqari vaqtlarda o‘tkazilayotgan tadbirlar uyushmagan va ta’lim bilan band bo‘lmagan (18−30 yosh) yoshlarga mo‘ljallangan. Ularni tashkil etishga Yoshlar ishlari agentligi, xususan mahallalardagi yoshlar yetakchilari mas’ul etib belgilangan.

«Bunda Xalq ta’limi vazirligiga maktab infratuzilmasidan (kutubxona, sport zal, kompyuter xonalari, tadbirlar zali) oqilona foydalanish hamda maktablarni mahalla uchun «ma’naviyat maskani»ga aylanishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan», — deyiladi xabarda.

Yuqoridagilarni inobatga olib, XTV barcha hududiy boshqarmalarga ushbu tadbirlarga maktab ma’muriyati, pedagog xodimlar va maktab o‘quvchilarini majburan jalb etilishi qat’iyan ta’qiqlanganini ma’lum qildi.

Qolaversa, prezidentning 2018 yil 14 avgustdagi [PQ-3907-son] qaroriga asosan xalq ta’limi xodimlarini xizmat majburiyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb qilish qat’iyan ta’qiqlangani eslatib o‘tildi.

Mazkur qarorga ko‘ra, yuqoridagi talablarni buzgan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari tegishli javobgarlikka tortilishi belgilangan.

Avvalroq, Andijon viloyat XTB boshlig‘i Azizbek Mirkomilov viloyatdagi maktablarda tungi tadbirlar prezident topshirig‘i asosida o‘tkazilayotganini aytgandi. Deputat Rasul Kusherbayev bu haqda «kechasi nima qilarini bilmay yurgan o‘qituvchi va yoshlar bu sharoitdan juda „baxtiyor“ bo‘lishsa kerak», deb kinoya qilgandi.

Tungi tadbirlar fevral boshidan beri Andijon viloyatining Asaka, Paxtaobod, Marhamat, Xonobod tumanlari, qolaversa, Abu Ali ibn Sino Jamoat salomatligi texnikumi jamoasi tomonidan o‘tkazilgan.