Hafta o‘rtasigacha sovuq antitsiklon, haftaning ikkinchi yarmida esa kuchsiz shamolli quruq ob-havo saqlanib turadi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

14 fevral, dushanbaning kunduzida O‘zbekiston hududi bo‘yicha ob-havoni janubiy Ural hududlaridan kirib kelgan nam va sovuq antitsiklon belgilaydi.

Respublika hududi bo‘yicha ba’zi joylarda yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi biroz yog‘ingarchilik bo‘ladi. Tog‘larda qor yog‘adi, kuchli bo‘lishi ham mumkin.

Ba’zi joylarda shamol 17−22 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda, Qoraqalpog‘istonning, Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Farg‘ona viloyatlarining ayrim joylarida kuchayish 25−28 m/s gacha yetishi mumkin. Havo harorati +2…+7 darajagacha iliqdan oshmaydi.

Hafta o‘rtasigacha sovuq antitsiklon ta’siri saqlanib turadi. Respublikaning barcha hududlarida yog‘ingarchilik kutilmaydi. Asosan kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi −2…−7 daraja sovuqqacha, respublikaning shimolida bu −8…−10 daraja sovuqqacha pasayadi, kunduzi +2…+5 daraja iliq atrofida bo‘ladi.

Haftaning ikkinchi yarmida respublika bo‘yicha kuchsiz shamolli quruq ob-havo saqlanib turadi. Tungi sovuqlar zaiflasha boshlaydi, kunduz kunlari esa quyosh nurlari havoni +8…+11 daraja iliqqacha isitadi. Kechasi va ertalab ba’zi joylarga tuman tushishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq FVV fuqarolarni Chimyonda qor ko‘chishi xavfidan ogohlantirib, ehtiyot choralarini ko‘rish bilan birga «Diqqat! Qor ko‘chkisi xavfi mavjud» belgisi bilan cheklangan joylarga kirmaslikni so‘ragandi.