Toshkent shahrining Xalqlar do‘stligi maydoni va xalqaro aeroportni bog‘lovchi hudud — Bobur ko‘chasida harakatlanish yo‘nalishlari orasidagi yashil maydonlarni qaytarishga qaror qilindi. Bu poytaxt hokimligining xabarida qayd etilgan.

Qatnov qismini ajratib turuvchi yashil maydon yo‘q qilingan holat. 2016 yilning kuzi. Foto: Timofey Kasparov / «Gazeta.uz».

2015−2016 yillarda (O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadigan SHHT sammiti uchun) yo‘lni kengaytirish maqsadida ko‘cha o‘rtasidagi yashil maydonlar olib tashlangandi. O‘shanda poytaxtning boshqa ko‘plab ko‘chalarida ham xuddi shunday holat sodir bo‘lgan.

Bobur ko‘chasining hozirgi holati. Foto: Yandex.Panorama.

Shu bilan birga, Islom Karimov va Bobur ko‘chasi kesishmasidan Bobur ko‘chasi bo‘ylab Nukus ko‘chasi kesishmasigacha bo‘lgan oraliqda veloyo‘lak barpo etiladi.

Ta’mirlash ishlari davomida yo‘lning bir qismi qisman yopilishi mumkin, deyiladi hokimiyat xabarida.