Prezident import avtomobillar uchun bojxona bojini 2 baravarga pasaytirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi

Prezident dushanba kungi yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga 3 kun muddatda import avtomobillari uchun bojxona boji stavkalarini 2 barobarga — 30 foizdan 15 foizgacha pasaytirish bo‘yicha qaror loyihasini kiritishga topshiriq berdi.

UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytiriladi

Prezident dushanba kungi yig‘ilishda UzAuto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lov 85 foizdan 50 foizgacha kamaytirilishini ma’lum qildi. «O‘zavtosanoat»ga 1 mayga qadar avtomobil xarididagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish topshirig‘i berildi. Avvalroq, «Gazeta.uz» deputat Rasul Kusherbayev bilan ayni shu mavzudagi intervyuni e’lon qilgandi.

Toshkentdagi Bobur ko‘chasida qatnov qismini ajratib turuvchi yashil maydon qayta tashkil etiladi

Toshkent shahar hokimligi Bobur ko‘chasida qatnov qismini ajratib turuvchi yashil maydonlar joyiga qaytarib qo‘yilishini ma’lum qildi. Ushbu yashil maydon 2016 yilda yo‘q qilinib, uning o‘rniga betondan yo‘l ajratmasi bunyod etilgandi.

Rejep Tayyib Erdo‘g‘on martda Toshkentga kelishi kutilmoqda

Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo‘g‘on Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi a’zolari bilan uchrashuvda mart oxirlarida O‘zbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.

Andijondagi uzrbozlik ortidan tuman hokimi o‘rinbosari ishdan bo‘shatildi, hokim esa hayfsan oldi

Andijon viloyati Marhamat tumanidagi 72-maktabda o‘qituvchilar uzr so‘rashga majburlangani ortidan tuman hokimi o‘rinbosari Muxtor Qurbonov ishdan bo‘shatildi, hokim Bobur Yo‘ldoshevga esa hayfsan berildi. Qolaversa, maktab direktori Muqaddamxon Hasanova va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova lavozimlaridan ozod qilindi.

DXA tugatilib, Adliya vazirligi tarkibidagi boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkin

Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi tugatilib, vazirlik tarkibida alohida boshqarma sifatida qayta tashkil etilishi mumkin. Ruslanbek Davletov vazirlik tegishli takliflarni ishlab chiqayotganini aytdi. «Bu prezidentimizning g‘oyasi… Bu sohani o‘zgartirishni prezident hal qiladi», — dedi vazir. DXMlar orqali hozirgi kunda 170 turdagi davlat xizmati ko‘rsatilmoqda, shundan 120 tasi pullik. 4 yildan ko‘proq vaqt ichida agentlik xizmatlari bo‘yicha jami 40 mlnga yaqin murojaat kelib tushgan.

O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi Ukrainadagi fuqarolarni dipmissiya bilan aloqada bo‘lishga chaqirdi

O‘zbekistonning Kiyevdagi vakolatxonasi Ukrainadagi vatandoshlarga murojaat qilib, ulardan elchixona bilan aloqada bo‘lib turishni so‘ragan. Diplomatik missiya bir o‘zbekistonliklardan vahimaga berilmaslik va tekshirilmagan, feyk xabarlarni tarqatmaslikni so‘ragan.

Toshkentda hayvonlarning pnevmatik quroldan otilishi bo‘yicha surishtiruv ishlari boshlandi

Toshkent shahrining Mirobod tumanida noma’lum erkak it va mushuklarni pnevmatik qurol yordamida otganligi aytilmoqda. Holat yuzasidan tergovgacha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Maktablardagi tungi tadbirlarga o‘qituvchilarni majburiy jalb etish taqiqlanadi — XTV

Xalq ta’limi vazirligi kechki tadbirlarga pedagog xodimlar va o‘qituvchilarni majburiy jalb etish taqiqlangani haqida hududiy boshqarmalarni ogohlantirdi. Ta’kidlanishicha, ushbu tungi tadbirlar uyushmagan va 18−30 yosh orasidagi fuqarolarga mo‘ljallangan. Avvalroq, Andijon viloyatidagi maktablarda kechasi soat 22:00 ga qadar tadbirlar o‘tkazilayotgani xabar qilingandi.

Andijondagi portlashda Qirg‘iziston fuqarosi halok bo‘lgani aniqlandi

Andijondagi portlashda halok bo‘lgan qurbon Qirg‘iziston fuqarosi ekanligi aniqlandi. FVV portlash oqibatida 1 kishi halok bo‘lgani, 11 kishi jarohatlangani haqida ma’lum qilgan edi. Voqea guvohlari halok bo‘lganlar soni bir kishidan ko‘proq bo‘lganligini ta’kidlagan edi.

Maktablarda kadr xizmati xodimlariga 16 mlrd so‘m kam oylik to‘langani aniqlandi

Adliya vazirligi maktablardagi kadr xizmati xodimining lavozim razryadlarini pasaytirib ko‘rsatish oqibatida oylik maosh 16 mlrd so‘mga kamroq to‘lab berilganini aniqladi. Hozirga qadar ko‘rilgan ta’sir choralari natijasida esa faqatgina 3 mlrd so‘m maosh to‘lanishiga erishilgan.

Shavkat Rahmonov Namangan viloyati IIBga boshliq etib tayinlandi

Samarqand viloyati IIB boshlig‘i lavozimida xizmat qilgan Shavkat Rahmonov Namangan viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi. U mazkur lavozimda Adil Ataxodjayevning o‘rnini egalladi.

Brent neftining narxi oxirgi yetti yillikdagi cho‘qqisiga ko‘tarildi

14 fevralga o‘tar kechasi Brent markali neft narxi bir barrel uchun 96,05 dollargacha ko‘tarildi. Bu so‘nggi 7 yildagi eng yuqori ko‘rsatkich. Neft narxi 2021 yilning boshidan beri deyarli uzluksiz qimmatlashmoqda.

Chirchiqda tadbirkor soxta hujjatlar yordamida 4 mlrd so‘m kredit olgani aniqlandi

Chirchiq shahrida hujjatlari soxtalashtirilgan obyektni garovga qo‘yib, bankdan 4 mlrd so‘m kredit olgan tadbirkor aniqlandi. U barcha mablag‘larni o‘z ehtiyojlari uchun sarflab yuborgan. Tadbirkorga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Diplomlari imtihonsiz tan olinadigan xorijiy OTMlar ro‘yxati tasdiqlandi

O‘zbekistonda diplomlari maxsus sinovlarsiz tan olinadigan xorijiy oliygohlar ro‘yxati e’lon qilindi. Ushbu OTMlar QS World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World Universities tashkilotlari reytinglarida birinchi 1000 talikka kirgan. Diplomi imtihonsiz tan olinadigan eng ko‘p OTMlar AQSh va Buyuk Britaniyada joylashgan. Markaziy Osiyodan bu ro‘yxatga faqat Qozog‘istonning ayrim OTMlari kiritilgan.

Surxondaryoda internat direktori lavozimini 13 ming dollarga pullayotgan fuqarolar qo‘lga olindi

Surxondaryo viloyatida maktab internati direktorining o‘rinbosari va viloyat XTB kadrlar bo‘limi rahbari fuqaroga 13 ming dollar evaziga internat direktori lavozimini olib berishni va’da qilganligi aniqlandi. Ularning ikkisi ham so‘ralgan mablag‘dan 5 ming dollardan olayotgan vaqtda qo‘lgan olingan, holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Wildberries O‘zbekiston bozoriga kirib keldi

Rossiyaning Wildberries onlayn-riteyleri O‘zbekistonda ish boshladi, Toshkentda esa birinchi tarqatish punkti ishga tushdi.

Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari g‘olibiga $200 ming mukofot puli beriladi

Prezident qarori bilan Parij-2024 yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida sovrindor bo‘lgan o‘zbekistonlik sportchilar oltin medal uchun — 200 ming dollar, kumush medal uchun — 100 ming dollar, bronza medal uchun — 50 ming dollar miqdoridagi pul bilan mukofotlanadi.

Hafta davomida sovuq havo saqlanib qoladi

Hafta mobaynida O‘zbekistonda sovuq ob-havo bo‘lishi kutilmoqda, bir necha kun davomida tungi sovuqlar ham saqlanib qoladi. Dushanba kungi yomg‘ir va qordan keyin boshqa yog‘ingarchilik kutilmaydi. Hafta oxirida esa havo biroz isishi mumkin.