O‘zbekiston ichki ishlar vaziri o‘rinbosari — IIV Jamoat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Bekmurod Abdullayev «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida 11 fevral kuni yo‘l harakati xavfsizligi sohasini isloh qilish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.

Yig‘ilish «o‘ta tanqidiy ruhda» o‘tganini ta’kidlab, departament boshlig‘i shunday dedi: «Avvalo, barcha ichki ishlar organlari xodimlari nomidan muhtaram prezidentga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchi edim. Chunki ko‘p yillar davomida ichki ishlar tizimida, ayniqsa, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ko‘plab muammolar mavjud edi».

«Mana shu muammolarning barchasmini yechimini, buni sabablarini va uni bartaraf etish chora-tadbirlarini bandma-band, bosqichma-bosqich hurmatli prezident bizga ko‘rsatib, belgilab berdi», — dedi vazir o‘rinbosari.


Yig‘ilishdan surat. Manba: Prezident matbuot xizmati.

Bekmurod Abdullayev 3 fevral kuni haydovchilik guvohnamasi uchun yangi yagona imtihon markazi markaz ochilishida so‘zga chiqib, shunday degandi: «Albatta, agar prezidentning siyosiy irodasi bo‘lmaganida, biz bunday inqilobiy qadamga jur’at etmagan bo‘lardik».

Telekanalga bergan intervyusida IIV rahbari o‘rinbosari davlat rahbari yig‘ilishda haydovchilar tayyorlash sohasidagi muammolarga e’tibor qaratganini, avtomaktablar «mutlaqo talablarga javob bermasligi»ni aytganini ma’lum qildi.

«Bu borada Prezidentimiz, birinchi o‘rinda, barcha mavjud avtomaktablarni taftishdan o‘tkazish, ularning infratuzilmasini o‘rganib chiqish va Vazirlar Mahkamasining qarorini ishlab chiqqan holda, ularga bo‘lgan talablarni jahon standartlariga mos ravishda to‘ldirish va shu talablarga javob beradigan avtomaktablargina tizimda qolishini aytib o‘tdi», — dedi u.

Bekmurod Abdullayevning aytishicha, avtomaktablarda o‘qitish metodikasi va muddatini ham qayta ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

«Agar ilgari haydovchilik guvohnomasini tayyorlash ikki-uch yil yoki kamida olti oy davom etgan bo‘lsa, hozir bu muddat uch oy — 277 soatni tashkil etadi. Prezident buni qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisalarning oldini olish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan mamlakatlar tajribasini o‘rganib, kadrlar tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi», — dedi u.

Yig‘ilishda «juda eskirgan» Yo‘l harakati qoidalarini qayta ko‘rib chiqish va qoidalarni buzganlik, ayniqsa YPX xodimlariga qo‘pollik qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish vazifasi qo‘yilgan. Jarimaning balli tizimi joriy etilishi munosabati bilan haydovchilar tomonidan bir yil davomida yo‘l harakati qoidalarini qayta-qayta buzgan haydovchilar bir yilga haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilinishi kerakligi aytildi (ayrim haydovchilar yiliga 100 tagacha va undan ko‘p qoidabuzarlikka yo‘l qo‘yib, jarima to‘laydilar va avtomobilni boshqarishda davom etadilar).

Bundan tashqari, prezident shaharlarda transportning ruxsat etilgan maksimal tezligini 70 km/soatdan 60 km/soatga, Toshkent markazida 50−60 km/soatga, maktab va bog‘chalar yaqinida 30 km/soatgacha kamaytirish bo‘yicha topshiriq berdi (Bekmurod Abdullayevning aniqlik kiritishicha, bunday chegarani ulardan 300 metr masofada belgilash taklif qilinmoqda).

Prezident parlament, hokimliklar, Ichki ishlar vazirligi va boshqa idoralarni vaziyatning tobora yomonlashib borayotganiga qaramay, yillar davomida sukut saqlaganliklari va tashabbuskorlik ko‘rsatmaganliklarida aybladi. Yig‘ilishdan so‘ng qator deputatlar va mutasaddilar prezidentning yo‘llarda o‘lim hollari ko‘pligi fojia ekanligi haqidagi so‘zlariga qo‘shilib, so‘z boshladi.