Toshkent shahrining Yashnobod tumanida «Aviasozlar» saroyini rekonstruksiya qilish ishlari boshlandi. Bu haqda tuman hokimi Baxtiyor Rahmonqulov Facebook’da ma’lum qildi.

«„Aviasozlar“ saroyining qayta uyg‘onishi! Toshkent shahar va Yashnobod tuman xokimliklarining qarorlari asosida „Aviasozlar“ saroyining to‘liq rekonstruksiyasi boshlandi», — deb yozadi u.

Unga ko‘ra, saroyni «eng yangi andozalar asosida» rekonstruksiya qilish, uning atrofida aholining bo‘sh vaqtini mazmunli va maroqli tashkil etish maqsadida saroy atrofida madaniy-istirohat bog‘i barpo etish rejalashtirilgan.

Saroy binosidagi «Ikar» baland relefi, 2020 yil fevral. Foto: Prezident matbuot xizmati.

Hokim o‘zining postidagi izohlarda saroy fasadidagi «Ikar» baland relefi o‘z o‘rnida qolishini tasdiqladi.

Bino 1980 yilda qurilgan. So‘nggi yillarda bu yerda Mudofaa vazirligi huzuridagi «Ma’naviyat va ma’rifat» markazi, Qurolli kuchlar ansambli, Markaziy harbiy orkestri, «Turon» davlat harbiy teatri, tikuvchilik korxonasi, bolalar to‘garaklari faoliyat ko‘rsatmoqda.

2020 yil fevral. Foto: Prezident matbuot xizmati.

2020 yil fevral oyida mazkur binoga O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurgan edi. O‘shanda u binoni rekonstruksiya qilish topshirig‘ini bergandi.

Suratlar