Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston fuqarolari oldindan pul to‘lab qo‘yib, avtomobilni ololmayotgani haqida gapirdi. Uning bu so‘zlari «O‘zbekiston24» telekanalida namoyish etilgan Xayrulla Nuriddinovning «Menimcha» ko‘rsatuvida namoyish etildi.

«Odamlar norozi, biz to‘lab qo‘yganmiz, mashinani ber ey davlat rahbarlari, deyapti. Xudoga shukr, iqtisodiyotimiz rivojlanyapti, odamlarning mashinaga talabi oshib boryapti. Lekin shu bilan birga biz yo‘l harakat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha albatta, mutlaqo boshqa choralarni ko‘rishimiz kerak», — dedi prezident.

Shundan kelib chiqib, davlat rahbari kelgusi hafta avtomobilsozlik masalalari ko‘rilishini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, UzAuto Motors 20 dekabr kuni 1 fevralga qadar Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilishni to‘xtatgandi. Kompaniya bu vaqt ichida avvalgi buyurtmalar yetkazib berilishini ma’lum qilib, xaridorlardan noqulayliklar uchun uzr so‘ragan.

Ko‘rsatilgan muddatda esa Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti avtomobillariga arizalar qabul qilish qayta tiklanmadi. «Gazeta.uz»ning avtomobil sanoatidagi manbasi ma’lumotlariga ko‘ra, avtomobil ishlab chiqaruvchi 25 yanvar kuni kuzatilgan keng qamrovli elektr energiyasidagi uzilishlardan so‘ng, muammolarga duch kelgan. Elektr uzilishlari gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolarga olib kelgan, bu esa komponentlarni ishlab chiqaruvchi korxonalarning tizimli ishiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, shu kunlarda deputat Rasul Kusherbayev «Gazeta.uz»ga bergan intervyusida UzAuto Motors avtomobillari uchun 85 foizlik oldindan to‘lov miqdorini pasaytirish bo‘yicha hukumatga takliflar tayyorlanayotganini ma’lum qilgandi.

Deputat oldindan to‘lov ko‘pi bilan 50% bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. «Hali ko‘rsatilmagan xizmat va xarid qilinmagan tovar uchun oldindan to‘lov qilinishi mantiqsiz o‘zi», — dedi u.