7 fevral kuni Toshkent viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Xolmirza Niyozov 12 fevral kuni soat 7:00 ga viloyatdagi tuman hokimlari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlarini yig‘ilishga chaqirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatda prezidentning 24 noyabrdagi Meva-sabzavotchilik va uzumchilikda oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishida dehqon xo‘jaliklarining ulushini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi [PQ-20-son] qarori ijrosi yuzasidan selektor yig‘ilishi ekanligi qayd etilgan.


Foto: Ijtimoiy tarmoqlar.

Xatda shuningdek, viloyat [hokimligi] studiyasidan viloyat hokimining o‘rinbosarlari, viloyat prokurori, IIBB va DSB boshliqlari, Qishloq va suv xo‘jaligi kotibiyati kiruvchi boshqarmalar, Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, Kadastr agentligi, DXA va boshqalar qatnashishi yozilgan. Tumanlar [hokimliklari] studiyasidan esa 4 ta sektor rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari va boshqa davlat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishi qayd etilgan.

Mazkur holatga Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi munosabat bildirib, Davlat mehnat inspeksiyasi joyiga chiqib o‘rganganini ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, bugun ertalab ushbu vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida, vazirlik Davlat mehnat inspeksiyasi boshlig‘i Qudratullo Odinayev Toshkent viloyati hokimligiga borgan. «Inspeksiya xodimlari soat 07:10 atrofida hokimiyat binosiga kirib borganda, majlis o‘tkazilayotganligini aniqlashdi. Biroq, yig‘ilganlar vazirlik vakillarini ko‘rishi bilan majlisdan chiqib ketishgan», g‘ deyiladi xabarda.

Mazkur holatda MJtKning 49-moddasi 1-qismida (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari mavjud ekanligi aytilmoqda. Ushbu moddaga ko‘ra, mansabdorning mehnat qonunchiligini buzishi BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (1 mln 350 ming so‘mdan — 2,7 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Mehnat vazirligi mehnat munosabatlariga oid murojaatlar yuzasidan Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqami, vazirlikning 71−200−06−00 ishonch telefoni yoki www.dmi.mehnat.uz sayti orqali murojaat qilishni so‘ragan. Murojaatchining shaxsi sir saqlanishi qo‘shimcha qilingan.