Toshkent shahar Yunusobod tuman prokuraturasi 21-sonli mehribonlik uyi tarbiyalanuvchisi A.M. ga nisbatan jismoniy tazyiqlar o‘tkazilgani holati yuzasidan tekshiruvni boshladi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 27 yanvar kuni Mehribonlik uyiga Milliy preventiv mexanizm doirasida monitoring tashrifi amalga oshirilganda, tarbiyachi B.A. intizomsizlik qilganligi uchun tarbiyalanuvchi A. M. tanasining turli joylariga qo‘li bilan mushtlab urib, tan jarohati yetkazgan.

Prokuratura xabarida aytilishicha, bola kuchli qo‘rquv va stressga tushib qolgani bois ushbu holat haqida hech kimga murojaat qilmagan.

Shuningdek, tarbiyalanuvchi A.M.ning tanasi ushbu Mehribonlik uyi shifokori K.Siddikova tomonidan shifokorlar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning o‘ng qo‘l tirsak sohasida 4×3 sm (4−5 kunlik), chap yelkasida 2×1 sm (4−5 kunlik) sariq ko‘kargan yara, o‘ng oyog‘ining son qismida 2×1 sm (4−5 kunlik) ko‘kargan yara mavjudligi aniqlangan.

Bundan tashqari, voqea sodir bo‘lgan kuni tarbiyalanuvchi A.M. navbatchi hamshiraning oldiga tushib, o‘ng qo‘lining lat yeb, ko‘kargan tirsak qismiga surtma dori surdirgan. Biroq bu holat Mehribonlik uyi shifokori tomonidan yuritiladigan bemor bolalarni ro‘yxatga olish jurnalida qayd etilmagani aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan Yunusobod tuman tuman IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 21-sonli Mehribonlik uyi direktori U.I.Mamanovaning 28 yanvardagi buyrug‘iga asosan tarbiyachi vazifasida ishlab kelgan B.A. bilan tuzilgan mehnat shartnomasi uning arizasiga muvofiq bekor qilingan.

Bundan tashqari, mehribonlik uyi sobiq tarbiyachisi B.A. va boshqa mas’ul xodimlarning xatti-harakatlariga qonuniy baho berish uchun Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan xalq ta’limi vazirining Nazorat-huquqiy xizmati faoliyatiga xizmat tekshiruvi tayinlangan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Toshkent shahridagi 21-sonli mehribonlik uyida bolaga tarbiyachi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkazib kelingani holati aniqlangani haqida yozgandi. Bolalar ombudsmani holat bo‘yicha Bosh prokuraturaga murojaat qilgib, tarbiyachini vaqtinchalik ishdan chetlatish uchun XTVga xat kiritgan edi.

Ombudsman Aliya Yunusovaning ta’kidlashicha, bolalar zo‘ravonlik holatlari haqida ko‘pincha gapirishga qo‘rqishadi. «Zo‘ravonlik qilgan shaxslar „aytsang battar bo‘ladi“ qabilida ularni qo‘rqitib qo‘ygan bo‘ladi. Shuning uchun ham ular bunday paytda kerakli yordamni ololmaydi», — degandi Bolalar ombudsmani.