Ayni vaqtda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida birinchi marta yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasida videoselektor yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda uning matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.

Davlat rahbari so‘zi avvalida bugun o‘ta muhim va kechiktirib bo‘lmas masala — yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash muhokama qilinishini ta’kidladi.

Mamlakatda 2021 yilda 10 mingdan ziyod avariya sodir etilib, ularda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan. «Eng achinarlisi, 2,5 mingga yaqin odam, shu jumladan 263 nafar bola halok bo‘lgani katta fojiadir», — dedi davlat rahbari.

O‘lim bilan bog‘liq avariyalar Toshkent viloyatida har 100 ming aholiga 21 ta, Jizzaxda — 16 ta, Sirdaryoda — 15 ta, Navoiy va Samarqandda — 14 tadan, Qashqadaryo va Namanganda — 13 tani tashkil etib, boshqa hududlardan ancha yuqori.

Masalan, Popdan To‘raqo‘rg‘ongacha bo‘lgan 4R-112 yo‘lining 88-kilometri, «Termiz-Dushanbe» (M-41) xalqaro yo‘lining Jarqo‘rg‘on-Denov qismi (80-kilometri), A-373-yo‘lining Yozyovon tumanidan o‘tgan 352-kilometri, Samarqand-G‘uzor yo‘lining (A-378) 85-kilometrida har yili o‘nlab odamlar halok bo‘lmoqda.


Ayniqsa, 2021 yilda Chiroqchida 43 ta, Namangan shahrida 42 ta, Yangiyo‘l tumanida 34 ta, Urgutda 28 ta, Andijon tumanida 20 ta avariyada odamlar hayotdan bevaqt ko‘z yumgan. Ushbu tuman va shahar hokimlari, ichki ishlar boshliqlari va prokurorlari ishdan olinib, uch oy sinov muddati berildi. «Agar ular ushbu muddatda o‘zgarish qilmasa, javobgarlikka tortiladi», — dedi prezident.

Shu bilan birga, bunday favquloddagi holatga nisbatan Oliy Majlis, mahalliy kengashlar deputatlarining ovozi eshitilmayotgani, Senat, Qonunchilik palatasi, kengashlar yo‘l harakati xavfsizligini biror marta muhokama qilmagani qayd etildi.

«Nimaga hokimlar, ichki ishlar, „GAI“, transport sohasi rahbarlarining hisoboti eshitilib, mas’uliyati ko‘rib chiqilmagan? Shuning uchun bu muhim masala bilan shaxsan o‘zim shug‘ullanishga majbur bo‘ldim», — dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda Namangan viloyati IIB boshlig‘i, Andijon va Samarqand viloyatlari YXHB boshliqlarini ishdan olishga ko‘rsatma berildi. Qashqadaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘iga qat’iy ogohlantirish berildi.

Yig‘ilishda sohadagi ayanchli holat statistik ma’lumotlar asosida tanqidiy tahlil qilindi.

Tahlillar ko‘rsatishicha, avariyalarning:

  • 45 foizi haydovchilarning qoidalarni mensimasligi;
  • 10 foizi haydovchilarning tajribasizligi;
  • 25 foizi yo‘l holati va infratuzilmasi talabga javob bermasligi;
  • 20 foizi piyodalarning qoidalarga amal qilmasligi oqibatida sodir bo‘lmoqda.

«Yuqoridagi muammolarning barchasi ham ijtimoiy, ham iqtisodiy, ham xavfsizlik masalalariga bevosita bog‘liq. Shu bois, 2022 yilda barcha hududlarda „Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda“ umummilliy dasturini amalga oshiramiz», — dedi prezident.

Misol uchun, 2021 yilda aniqlangan 7,7 million huquqbuzarlikdan 46 foizi qo‘pol qoidabuzarliklar hisoblanadi.

Ayniqsa:

  • mast holda boshqarish Samarqand (12 mingta), Toshkent viloyati (8,5 ming), Farg‘ona (7,5 ming) va Toshkent shahrida (7 ming);
  • qizil chiroqqa o‘tish Toshkent viloyati (62 ming), Samarqand (51 ming) va Toshkent shahrida (47 ming) ancha yuqori.