Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim tizimida korrupsiya holatlari kamayganligini, biroq hozircha tizimni korrupsiyadan holi deya olmasligini ta’kidladi. Vazirning bu masaladagi chiqishi vazirlik matbuot xizmati tomonidan e’lon qilindi.

«Oliy ta’limda korrupsiya bor degan tushuncha nafaqat jamiyat va xalqda, balki aksariyat rahbariyatda ham bor. Lekin men shu tizimdagi rahbar sifatida aytamanki, (korrupsiya — tahr.) barobarlarga kamayib ketdi. Ming afsus, endi atrofda firibgarlar ko‘paydi. Mana, shu yerga kelguncha matbuot xizmati rahbari menga beshta holat tashlab berdi. Qashqadaryoda umuman universitetga aloqasi yo‘q odam o‘qishingni ko‘chirib beraman, deb 3 mingdan 6 ming dollargacha pora olgan, vodiyda pora olgan», — dedi vazir.

«Eng muhimi, keyingi vaqtlar o‘qituvchilar emas, kotiba, yordamchi, laborant, talaba bu ishga aralashib ketyapti. Shuning uchun sizdan iltimos, bu kimgadir borib taqalmasa, ular bu ishni qilmaydi, ularning hammasiyam firibgar emas, o‘zingizni yig‘ishtirib oling. Eng birinchisi shu, 65 foiz aholi oliy ta’limga haliyam ishonmaydi degan so‘rov natijalarini o‘qiganmiz», — dedi vazir va ushbu ko‘rsatkich nolga teng bo‘lishi kerakligini qo‘shimcha qildi.

«Xalq, rahbariyat oliy ta’limning „yuvelir“ darajada toza bo‘lishini xohlaydi. Butun dunyoda shunaqa, bunaqa narsa xayoliga ham kelmaydi odamlarning. Shuning uchun buning targ‘ibotini qilish kerak, bundan xulosa qilish kerak. Men qurilish bilan oliy ta’lim korrupsiyadan holi soha deb e’lon qilgani uyalaman. Bu siz bilan bizga daraja emas, uyat bu», — dedi Toshqulov.

Shuningdek, oliy ta’lim vaziri Jizzaxdagi oliy ta’lim muassasalarining barchasini ko‘zdan kechirganini, ularning ko‘rinishi «zo‘r, obod qilingani, binolari ta’mirlangani, lekin mazmunga biroz e’tirozi borligini» ta’kidlagan.

«Men bugun nima qilishimiz kerakligi haqida gapirmoqchiman. Hurmatli hamkasblar, hamma faoliyatingizni talabaning atrofiga jamlang. Talaba bor — siz bor, talaba bor — sizni olim sifatida hurmat qiladi. Mahallada qanchalik o‘rnimiz bor bilmayman, lekin universitetni hududiga kirganimizdan boshlab, ustoz deb hurmat qilishadi, bundan zavqlanamiz, kuch olamiz. Prezident xalqning atrofida bo‘ling hammangiz, xalqning koriga yarang deyaptilarmi? Hurmatli olimlar, talabalaringizni atrofida jamlaning. Uni bo‘lgan-bo‘lmaydigan kommentlar yozmaydigan, vaqtini qadrlaydigan, kamida ikkita xorijiy tilni o‘rganadigan qilib tarbiyalab bering. Hammasini mustaqil bajarsa bo‘ladi», — dedi u.

Oldinroq Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov va Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshlig‘i Ulug‘bek Toshkenboyev boshchiligida tuzilgan ishchi guruh respublikadagi OTMlarni 23 ta mezon asosida tanqidiy, tahliliy o‘rganishi haqida xabar bergan edik. Kompleks tekshiruv oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayonini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ta’lim sifatini oshirish hamda ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etishga yo‘naltirilishi rejalashtirilgandi.

Sal o‘tmay Qashqadaryo viloyatidagi tekshiruvlardan so‘ng Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri masofaviy ta’lim uchun ko‘plab maxsus platformalar bo‘lishiga qaramasdan, Qashqadaryo OTMlaridagi talabalar Telegram orqali o‘qitilayotganini tanqid qilgan edi.