Barcha sinf o‘quvchilari uchun ona tili darsliklari turli grammatik qoidalardan imkon qadar tozalanadi. Bu haqda «Gazeta.uz»ga Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, endilikda o‘quvchilar ko‘proq matn bilan ishlaydi. Mavzular tilning ijtimoiy vaziyatlarda qo‘llanilishi nuqtayi nazaridan tanlanadi.

«O‘quvchi endi Matn ostida berilgan topshiriq va mashqlar asosida til grammatikasiga doir ko‘nikmalarni ham egallab boradi. Darsliklarimiz grammatik qoidalardan xoli va bolani turli qoidalarni yod olishga majburlamasa-da, lekin grammatik ko‘nikmalar o‘z o‘rnida qoladi. Shunchaki endi bu qoidalar amaliy jihatdan o‘rgatiladi. Ularning shakliga emas, mazmuniga urg‘u beriladi», — dedi u.

«Shunday ekan, darslikda grammatika emas, grammatik qoidalar berilmagan deyish to‘g‘ri bo‘ladi, — dedi Mohira Nurullayeva. — Darslik o‘quvchida ko‘nikmani shakllantirishi kerak. Grammatik qoidalarni esa o‘qituvchi yetkazishi mumkin».

«Darslik — bu didaktik material, xolos… Endi Milliy o‘quv dasturi asosida ona tili Oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun DTM testlarini yechishga emas, ona tilidan samarali foydalanishga o‘rgatadi. Mazkur yondashuv sabab, afsuski, maktablarda ona tili darslariga eng ko‘p soat ajratilishiga qaramay, yoshlar savodsiz bo‘lib qolishdi», — deyiladi xabarda.

Qo‘shimcha qilinishicha, ertaga o‘quvchilar o‘zi muayyan soha mutaxassisiga aylanganida maktabda olgan bilimlari evaziga o‘zbek tilida ish yuritishga, nutq so‘zlashga, maqola yozishga va teran fikrlashga qiynalmaydi.

Shu sababli, bundan keyin «o‘timli va o‘timsiz fe’llar», «vositali-vositasiz to‘ldiruvchilar», «fe’l kesim va ot kesim», «sifatlovchi-sifatlanmish» va shu kabi mavzular ona tili darsliklarida bo‘lmaydi.

Shunga muvofiq, kelgusida DTM testlarining baholash mezonlari ham o‘zgaradi.

Avvalroq, Respublika ta’lim markazi vakili 2022−2023-o‘quv yilidan 1−2-sinf o‘quvchilari uchun «Ona tili va o‘qish savodxonligi» fanidan uyga vazifa berish va baholash bekor qilinishini xabar bergandi. Qolaversa, ushbu darslikdan yillik bahoni choraklik baholar asosida qo‘yish amaliyoti tugatiladi. Shuningdek, boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga tez o‘qish talabi qo‘yilmaydi. Respublika ta’lim markazi axborot xizmati rahbari Mohira Nurullayeva yangi tartiblar bo‘yicha tushuntirish bergandi.