O‘zbekistonning shimoliy hududlariga juma kuni Shimoliy Kavkaz hududidan nam va salqin havo massasi kirib kelishni boshlaydi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet matbuot xizmati.

12 fevral kuni salqin havo massasi mamlakatning barcha hududlarini qamrab oladi. O‘zbekiston bo‘ylab, shimoliy hududlardan tashqari, yomg‘ir va qor yog‘ishi kuzatiladi. Kunduzi va kechasi havo harorati +2…+7 darajani tashkil etadi.

Shamol tezligi ba’zi joylarda soniyasiga 17−22 metrgacha kuchayishi mumkin. Ayrim joylarda chang to‘zon kuzatiladi.

Yakshanba kuni Qoraqalpog‘istonda vaqti-vaqti bilan kam miqdordagi yog‘ingarchilik (qor) kuzatilishi mumkin. Boshqa hududlarda yog‘ingarchilik kuzatilmaydi.

Havo harorati kechasi −2…+3 darajani, kunduzi +5…+10 darajani tashkil etadi. Shimolda shamol tezligi soniyasiga 17−22 metrgacha, ayrim hududlarida soniyasiga 25−28 metrgacha kuchayishi mumkin. Ba’zi joylarga tuman tushadi.

12 fevral kuni O‘zbekistonning tog‘ oldi va tog‘li hududlarida yomg‘ir va qor shaklida yog‘ingarchilik kuzatiladi. Ba’zi joylarda yog‘ingarchilik kuchayishi mumkin.

11 fevraldan 13 fevralga qadar tog‘li hududlarda qor ko‘chkisi xavfi saqlanib qoladi.

O‘zgidromet shuningdek, kelasi hafta boshida ob-havo harorati keskin yomonlashishi haqida shoshilinch axborotni e’lon qildi.

O‘zbekiston hududiga G‘arbiy Qozog‘iston orqali janubiy Ural hududlaridan nam va salqin havo massasi kirib kelishi 13−15 fevral kunlari boshlanishi kutilmoqda. Shundan so‘ng 15−17 fevralda kechasi harorat −4…−7 sovuqgacha pasayishi kutilmoqda.

Respublika bo‘yicha ba’zi joylarda shamol kuchayishi kutilmoqda, ayrim hududlarida 25−28 m/s gacha kuchayishi mumkin, ayrim joylarda chang to‘zon kuzatiladi.

Dushanba, 14 fevral kuni, O‘zbekiston bo‘ylab ba’zi joylarda qor va yomg‘ir yog‘ishi kuzatiladi. Tog‘li hududlarda ham 14 fevral kuni qor yog‘ishi, ba’zi joylarda kuchli yog‘ingarchilik kuzatilishi mumkin.