Rossiyaning «Gazprombank» kompaniyasi Samarqand xalqaro aeroportini modernizatsiyalash va boshqarish loyihasini moliyalashtirishda ishtirok etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb xabar berdi kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga.

Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi bitim loyiha doirasida o‘tgan yilning sentabrida Uzbekistan Airports davlat kompaniyasi va Air Marakanda xorijiy kompaniyasi o‘rtasida imzolangan.

Hozirda loyiha yakuniy moliyaviy natija bosqichiga o‘tish uchun tayyorgarlik yakunlangan, 7 fevral kuni DXSH to‘g‘risidagi kelishuv tomonlari loyihani amalga oshirish uchun eng muhim va asosiy shartlarni belgilab oldilar, deyiladi xabarda.

Loyihaga ko‘ra, «Gazprombank» shuningdek, unda Air Marakanda ishtirokining moliyaviy va tijorat jihatlari bo‘yicha moliyaviy maslahatchisi hisoblanadi.

Avval xabar berilganidek, loyihaning umumiy budjeti 83 mln dollardan ortiqni tashkil etadi. Yangi terminalni qurish ishlari yakuniga yetgan, hozirda unda pardozlash ishlari amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, yo‘l infratuzilmasi, avtoturargoh va yoritish tizimlari qurilmoqda.

Loyiha O‘zbekistonning eng yirik EPC-pudratchilari — Enter Engineering kompaniyasi tomonidan hayotga tadbiq etilmoqda, deyiladi xabarda.

Yangi xalqaro yo‘lovchi terminalini I kvartalda ishga tushirish rejalashtirilgan.

«Loyihaning amalga oshirilishi butun mamlakatning barqaror iqtisodiy o‘sishiga, jumladan, respublikaga turistlar oqimini ko‘paytirish, sarmoyaviy jozibadorlik va umuman farovonlikni oshirishga xizmat qiladi. „Gazprombank“ uchun ushbu loyihada ishtirok etish qiziq, bu loyiha O‘zbekiston davlat-xususiy sheriklik bozori uchun muhim voqea bo‘lishi kutilmoqda», — deya izoh berdi Gazprombank boshqaruvi raisi o‘rinbosari Aleksey Belous.

«Loyihada «Gazprombank»ning investitsiya hamkori sifatida ishtirok etishi O‘zbekistonning turizm va logistika sohalari rivojlanayotgan ulkan salohiyatidan dalolat beradi, — deya qayd etdi Air Marakanda direktori G‘ayrat Ne’matov.

«Gazprombank» xabarida ta’kidlanishicha, kompaniya loyihaga qiziqish bildirgan holda #MEGAIGROK infratuzilmasini yaratish strategiyasi doirasida harakat qilmoqda. Avvalroq, xuddi shu maqomda «Gazprombank» Yekaterinburg halqa yo‘li uchastkalarini rekonstruksiya qilish loyihasida, Vladivostok halqa yo‘lini yaratishning birinchi bosqichi loyihasida ishtirok etish, shuningdek, Omsk shimoliy aylanma yo‘lini moliyalashtirish va yaratish tashabbusi bilan chiqqan edi.

Fevral oyining boshida «Gazprombank» O‘zbekistonda vakolatxona ochishi haqida bayonot bergan edi. Hozirda vakolatxona Markaziy bankda akkreditatsiya jarayonidan o‘tgan. Vakolatxona O‘zbekistonning davlat organlari, moliya-kredit tashkilotlari, ta’lim va xo‘jalik yurituvchi subyektlari bilan aloqalarni o‘rnatish, qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish, bankning O‘zbekistonda xalqaro biznesini rivojlantirishga ko‘maklashish, shuningdek, bank brendi targ‘ibotini ilgari surish, bank tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan tashabbuslarni va loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan.