Britaniyaning The Economist Intelligence Unit tadqiqot tashkiloti tomonidan tuzilgan «Demokratiya indeksi» (Democracy Index 2021) reytingida O‘zbekiston 150-o‘rinni egalladi. Reytingga 165 davlat, shu jumladan, Gonkong va Falastin avtonomiyasi ham kirdi.

Reyting tashkilotchilarining fikricha, O‘zbekistonda demokratiya bilan bog‘liq vaziyat o‘tgan yilgi bilan solishtirganda o‘zgarmagan — mamlakat yana 2,12 ball to‘plab, «avtoritar rejim»dagi davlatlar guruhi orasida qoldi. Ekspertlar saylov jarayoni sifati va плюрализмга 10 balldan 0,08 ball, hukumat faoliyatiga — 1,86 ball, siyosiy ishtirokka - 2,78 ball, siyosiy madaniyatga — 5 ball, fuqarolar erkinligiga — 0,88 ball baho berdi. O‘zbekiston 2020 yilda ham xuddi shunday ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan, biroq o‘shanda mamlakat umumiy ro‘yxatda bir necha pog‘onaga ko‘tarilgan edi.

Sharqiy Yevropa mintaqasida (28 ta davlatni o‘z ichiga oladi) O‘zbekiston avvalgi yildagidek 26-o‘rinda qoldi. Undan pastda hozircha faqat Tojikiston (dunyoda 157-o‘rin) va Turkmaniston (162) joy olgan. Qozog‘iston yana 23-o‘rinni (global reytingda 128-o‘rin), Qirg‘iziston esa 21-o‘rinni (115-o‘rin) egalladi.

Bir necha yillardan buyon «gibrid rejim»da deb hisoblangan Qirg‘iziston bu yil «avtoritar» davlatlar guruhiga kirdi. Reyting tuzuvchilarning fikricha, bunga mamlakat parlament boshqaruvidan prezidentlik boshqaruvi tizimiga o‘tishi sabab bo‘lgan. Natijada Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qonun chiqaruvchi va sud organlariga nisbatan katta vakolatlar va ta’sirga ega bo‘ldi, degan fikrda ekspertlar.

Umuman olganda, mintaqada haligacha «to‘liq demokratlashgan» davlat mavjud emas: 28 davlatdan 16 tasi «nomukammal demokratiya» (Yevropa Ittifoqining sharqiy a’zo davlatlari va g‘arbiy Bolqonning ko‘p qismi), 4 tasi — «gibrid rejimlar» (Armaniston, Bosniya va Gersegovina, Gruziya va Ukraina) hamda 8 tasi — «avtoritar rejimlar» (Ozarbayjon, Belarusiya, Rossiya va Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari) guruhida qolmoqda.

«Mintaqadagi aksariyat mamlakatlarda pasayish kuzatilgan va hech bir davlatda yaxshilanish qayd etilmagan. 2021 yilda jamoatchilik noroziligi kuchaydi va bunga mamlakatlar rejimlari repressiv siyosat bilan javob qaytardi. Bu nodemokratik amaliyotlarning kuchayishiga va har qanday shakldagi norozilikning bostirilishiga olib keldi», — deyiladi hisobotda.

Dunyoda

Norvegiya bir necha yil ketma-ket 9,75 ball to‘plagan holda reytingda birinchi o‘rinni egallab kelmoqda. Kuchli beshlikka Yangi Zelandiya (9,37), Finlyandiya (9,27), Shvetsiya (9,26) va Islandiya (9,18) kirdi. Kuchli o‘nlikka, shuningdek, Daniya (9,09), Irlandiya (9), Tayvan (8,99), Avstraliya va Shveysariya (8,90 ball) kirgan.

Reytingni Shimoliy Koreya 1,08 ball (165-o‘rin), Myanma 1,02 ball (166) va atigi 0,32 ball (167) to‘plagan Afg‘oniston yakunladi.

2021 yilda dunyoda demokratiyaning umumiy darajasi 5,28 ballga tushdi (2020 yilda — 5,37 ball) — reyting birinchi marta nashr etilgan 2006 yildan beri yana bir antirekord qayd etildi. Koronavirus pandemiyasi davlat hokimiyatining odamlar hayoti ustidan ulkan kengayishiga va shaxs erkinliklarining yomonlashishiga olib keldi, deya ta’kidlangan hisobotda.

Bugungi kunda dunyo aholisining yarmidan kamrog‘i (45,7%) demokratiyaning qaysidir ko‘rinishida yashaydi, bu 2020 yildagi 49,4 foizdan sezilarli darajada pasayish bo‘ldi. Bundan ham kamroq qismi (6,4%) «to‘liq demokratiya»da yashaydi (o‘tgan yili 6,8% bo‘lgan). Dunyo aholisining 1/3 qismidan ortig‘i (37,1 foiz) avtoritar boshqaruv ostida istiqomat qilmoqda.