2021 yil 1 aprelidan 1 avgustigacha bo‘lgan muddatda birinchi doza vaksina bilan emlangan fuqarolar fevral oyigacha birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi qatlamiga kirib, ular 5,2 mln nafarni tashkil etdi.

Sanitariya-epidemiologiya xizmati matbuot xizmati xabar berishicha, shundan 733,8 ming nafar fuqaro buster doza bilan emlandi.

«Mutaxassislarning fikricha buster doza vaksina bilan emlanish „alfa“, „delta“ shtammlaridan tashqari „omikron“ shtammi bilan chaqirilgan COVID-19 kasalligidan ham himoya qila oladi. Mabodo kasallik yuqib qolgudek bo‘lsa ham u jiddiy asoratlarsiz, yengil o‘tib ketadi», — deyiladi xabarda.

2021 yilning 17 noyabridan boshlab to‘liq vaksina kursini olgan fuqarolarni buster doza bilan ixtiyoriy emlash boshlangandi.

Buster doza bilan emlanuvchi kontingentga to‘liq vaksina kursini yakunlagan, o‘z navbatida vaksinaning birinchi dozasini olganiga 6 oy va undan ortiq vaqt o‘tgan aholi qatlami kiradi.

Buster doza olmoqchi bo‘lgan aholi respublikaning barcha davolash profilaktika muassasalarning emlash punktlarida emlanishlari mumkin.

Emlash punktida buster dozani vaksinaning har qanday turidan foydalangan holda olishi mumkin.

SSV ma’lum qilishicha, 10 fevral holatiga birinchi doza bilan emlash ko‘rsatkichi emlanishi rejalashtirilgan qatlamga nisbatan 90,9 foizni, to‘liq bosqichlarda emlanish ko‘rsatchiki esa 70 foizni tashkil qilmoqda. Hozirga qadar jami 42,8 doza vaksinadan foydalanilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning iyulb oyi oxirlarida 1 noyabrga qadar O‘zbekiston aholisining 70 foizini koronavirusga qarshi emlash rejalashtirilgandi. O‘sha vaqtda respublika bo‘ylab 5,4% aholi infeksiyaga qarshi to‘liq emlangandi.