Global miqyosdagi eng yirik tadbirlardan biri — Xitoy mezbonlik qilayotgan 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlari koronavirus pandemiyasi cheklovlari va diplomatik boykotlar fonida bo‘lib o‘tmoqda. Pekin — yozgi va qishki olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilgan ilk shahar bo‘ldi.

Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga ko‘ra, Pekin-2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarida jami 91 ta davlatdan 2900 nafar sportchi ishtirok etmoqda. Tadbirga 60 mingga yaqin odam, jumladan, sportchilar, murabbiylar, rasmiylar, delegatlar, ko‘ngillilar hamda OAV vakillari tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.

BBC`ning yozishicha, Xitoy hukumati va korxonalari tomonidan Pekin va uning atrofida bo‘lib o‘tayotgan o‘yinlarga 3,9 mlrd dollar sarflangan. Mintaqada qor kamligi hisobiga qariyb 1,2 million kub metr sun’iy qordan foydalanilmoqda.

Pekin-2022 diplomatik boykot ostida bo‘lib o‘tmoqda

2022 yilning fevral oyida Xitoy mezbonlik qilishi ko‘zda tutilgan qishki Olimpiya o‘yinlariga dastlab AQSh diplomatik boykot e’lon qildi. Tez orada AQShning bu qarorini ma’qullagan holda, uning asosiy ittifoqchilari hisoblangan Avstraliya, Britaniya va Kanada ham unga ergashdi.

Diplomatik boykot — Olimpiya o‘yinlari tarixida qo‘llanilgan boykotlardan farqli ravishda, faqatgina hukumat amaldorlari va rasmiylarining mazkur xalqaro miqyosdagi tadbirda ishtirok etishdan bosh tortganligini anglatadi.

AQSh bu qarorini Xitoyning inson huquqlari buzilishi bilan bog‘liq shafqatsiz siyosati, xususan, mamlakat shimoli-g‘arbiy mintaqasi bo‘lgan Shinjonda yuz berayotgan «genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar» bilan izohlagan. Xitoy hukumati tomonidan mazkur mintaqadagi uyg‘urlar va boshqa (asosan musulmon) etnik ozchiliklarga nisbatan ommaviy hibsga olishlar, kontratsepsiya va sterilizatsiya vositalaridan majburiy foydalanish kabi qat’iy choralar qo‘llash orqali «inson huquqlarini poymol etish va vahshiylikka» yo‘l qo‘yilayotganligi aytilgan.

Shuningdek, xitoylik tennis yulduzi Pen Shuay sobiq hukumat amaldorini unga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik qilganlikda ayblaganidan keyin Olimpiya o‘yinlariga boykot e’lon qilish chaqiriqlari yanada keskinlashdi.

Uyg‘urlar asosan Xitoyning Shinjon viloyatida istiqomat qiluvchi etnik ozchilik guruh hisoblanadi. Ularning aksariyatini musulmonlar tashkil etadi. Xitoy rasmiy statistikasiga ko‘ra, Shinjonda 12 million uyg‘ur yashaydi, bu hudud aholisining deyarli yarmi degani.

Al Jazeera nashriga ko‘ra, 2018 yilda BMT Shinjondagi «ekstremizmga qarshi kurash markazlarida» kamida bir million uyg‘ur hibsga olinganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, ikki million uyg‘ur 2017 yilning o‘rtalaridan boshlab «qayta tarbiyalash lagerlarida» majburan saqlanayotganligi qayd etilgan.

O‘z navbatida, Xitoy bu ayblovlarni rad etib, o‘zining uzoq g‘arbiy mintaqasida yashovchi uyg‘urlar va boshqa musulmon ozchiliklarga nisbatan siyosati «ekstremizmga qarshi kurash» va qashshoq etnik guruhlarning iqtisodiy harakatchanligini oshirish uchun zarur ekanligini ma’lum qilgan.

Ta’kidlash joizki, diplomatik boykot turli davlatlar tomonidan turli usulda va darajada qo‘llanilmoqda.

BBC hamda Al Jazeera nashrlari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya va Kanadadan tashqari Hindiston, Litva, Kosovo, Belgiya, Daniya va Estoniya davlatlari ham Olimpiya o‘yinlarini diplomatik boykot qilgan. Ularning barchasi o‘z sportchilarini musobaqalarda ishtirok etish uchun yuborishgan, ammo yuqori martabali vazirlar yoki rasmiylar tadbirlarda qatnashmayapti.

Hindiston ham diplomatik boykot e’lon qilgan davlatlar qatoriga qo‘shildi. Biroq bunga olimpiya mash’alachilaridan biri ikki davlat chegarasidagi halokatli to‘qnashuvda o‘z qo‘shinlari bilan qatnashgan Xitoy armiyasi zobiti ekanligi sabab qilib ko‘rsatilgan.

Yaponiya, shuningdek, Olimpiya o‘yinlariga davlat vazirlarini yubormasligini, lekin Olimpiya rasmiylari ishtirok etishini ma’lum qildi.

Germaniya, Avstriya, Sloveniya, Shveysariya, Niderlandiya va Yangi Zelandiya ham o‘z hukumat vakillarini yubormagan, ammo bunga sabab COVID cheklovlari ekanligi aytilgan.

Fransiya diplomatik boykotga qarshi chiqqan. Prezident Makron «bu mavzularni siyosiylashtirmaslik kerakligini» ta’kidlab, mazkur boykotni «ahamiyatsiz va ramziy qadam» deya baholagan.

Pekin-2022 o‘yinlariga qarshi butun dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tdi

Inson huquqlari faollari tomonidan Pekin o‘yinlariga qarshi butun dunyo bo‘ylab norozilik namoyishlari ham bo‘lib o‘tdi. Ular tomonidan Xalqaro Olimpiya qo‘mitasiga olimpiya o‘yinlarini ko‘chirish to‘g‘risidagi chaqiriqlar hech qanday natija bermadi. Shundan keyin ular ishtirokchi davlatlar hukumatlarini boykot qilishga chaqirishdi.

Inson huquqlari faollari mazkur Olimpiya o‘yinlari «erkinlik, demokratiya va inson huquqlari jiddiy tazyiq ostiga olingan bir sharoitda bo‘lib o‘tmoqda», deb hisoblaydi.

Xususan ularning bayonotlarida quyidagilar keltirilgan:

  • kamida 2 million nafar uyg‘ur, qozoq va o‘zbek musulmonlari «qayta tarbiyalash lagerlarida» tizimli qiynoqlar, zo‘ravonliklar va siyosiy qayta tarbiyalash ostida saqlanmoqda;
  • tibetlik 4 yoshga to‘lgan bolalarning har beshtadan to‘rttasi ota-onasidan majburan tortib olinib, Xitoyning mustamlaka maktab-internatlarida joylashtirilgan hamda oilalaridan uzilgan holda kuchli siyosiy ta’limotga mahkum qilingan;
  • Gonkongda Xitoy hukumati tomonidan norozilik namoyishlari ishtirokchilariga jinoiy javobgarlik belgilovchi va har qanday inson huquqlarini cheklaydigan Milliy xavfsizlik qonun loyihasi amaliyotga tadbiq qilindi;
  • huquqlari, tili va madaniyati yo‘q qilinayotgan janubiy mo‘g‘ullarning noroziliklari kuch bilan bostirib kelinmoqda;
  • ko‘p sonli xitoylik advokatlar, feministlar va aktivistlar hibsga olinmoqda va izsiz g‘oyib bo‘lmoqda;
  • bundan tashqari, Tayvanga nisbatan tahdid va geosiyosiy tazyiqlar, shuningdek, Janubiy Xitoy dengizi va Hindiston-Tibet chegarasidagi tajovuz va ekspansiya mintaqaviy va global xavfsizlikka tahdid sifatida baholanmoqda.

BBC`ning yozishicha, inson huquqlari faollarida uyg‘urlar majburiy mehnatga jalb etilayotgani, ayollar zo‘rlab sterilizatsiya qilinayotgani haqida dalillar bor. Ba’zi sobiq lager mahbuslari qiynoqqa solingan va jinsiy zo‘ravonlikka uchraganini da’vo qilmoqda.

Human Rights Watch 2021 yilgi yillik hisobotida Pekinning Kommunistik partiyaga siyosiy sodiqlikni talab qiluvchi repressiyalari butun mamlakat bo‘ylab chuqurlashganligini qayd etgan edi.

Nashrga ko‘ra, Xitoy doimiy ravishda Shinjonda inson huquqlari poymol qilinayotganini rad etib keladi hamda AQSh va Germaniya kabi eng yirik ayblovchilarini o‘zining Gonkongdagi «ichki ishlariga» aralashmaslik haqida ogohlantiradi.

Ta’kidlash joizki, mamlakat AQSh diplomatik boykotiga nisbatan keskin javob qaytardi. Xususan, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi AQSh «Olimpiya ruhini ochiqdan-ochiq buzganligini» hamda o‘zining mazkur noto‘g‘ri xatti-harakatlarining «badalini to‘lashini» ma’lum qilganligi aytilmoqda. Biroq, bu narx qanday bo‘lishi mumkinligi ochiqlanmagan.

Olimpiya tarixidagi boshqa boykotlar

New York Times`ning yozishicha, Olimpiya tarixidagi eng ko‘zga ko‘ringan boykot 1980 yilda kuzatilgan bo‘lib, bunda AQSh boshchiligidagi 60 dan ortiq davlatlar Sovet Ittifoqining Afg‘onistonga bostirib kirishi sabab Moskvadagi yozgi Olimpiada o‘yinlarni boykot qilgan edi.

Bunga javoban Sovet Ittifoqi 1984 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tgan o‘yinlarni boykot qilishda o‘ndan ortiq mamlakatlarga boshchilik qilgan.

Shuningdek, ayrim versiyalarga ko‘ra, «Olimpiya o‘yinlariga birinchi yirik boykot 1976 yilda Monreal o‘yinlarida, asosan Afrikaning 30 ga yaqin davlati ishtirokida sodir bo‘lgan. Ular Yangi Zelandiya regbi jamoasi Janubiy Afrikani aylanib o‘tgani uchun Yangi Zelandiya o‘yinlardan chetlashtirilishini talab qilishgan», deya yozadi nashr.

Bundan tashqari, 1936 yilda o‘yinlar Germaniyada, Gitlerning natsistlar partiyasi nazoratida o‘tkazilar ekan, ayrim sport amaldorlari va siyosatchilar O‘yinlarni boykot qilishni yoqlab chiqishgan. Ammo Olimpiya rasmiylari siyosat va sportni ajratish haqidagi dalillar bilan boykotga qarshi chiqishganligi aytilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, China Daily davlat ommaviy axborot vositalari nashri Xitoyni 2028 yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlarini boykot qilishga chaqirgan.