11 fevral kuni, soat 11:30 da Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi «Qorako‘rpa» mahallasida joylashgan 3 qavatli tibbiy markazida gaz-havo aralashmasi chaqnashi ro‘y berdi.

FVV portlash oqibatida bir nafar fuqaro voqea joyida vafot etganini ma’lum qildi. Bosh prokuratura esa hodisa yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atib, voqea oqibatida jabrlanganlar soni 11 nafarni tashkil etayotganini qayd etdi.


«Gazeta.uz» muxbiri voqea joyidan fotoreportaj tayyorlab, jabrlanganlar bilan suhbatda bo‘ldi.

Voqea sodir bo‘lgan paytda ko‘chada turgan va portlash guvoh bo‘lgan fuqarolardan biri holat o‘ta og‘ir bo‘lganini aytdi.

«Oshxonada oshpaz bo‘lib ishlayman. Yo‘lni bo‘yida turgan paytimizda yonimizdagi davolanish maskani birdaniga portlab ketdi. Yugurib kirib, bitta qizni olib chiqdik. Plitalar bosib qolgan bemorlar ham bor edi. Bir kishi o‘zimizni qo‘limizda vafot etdi. Keyin qolganlarni ham olib chiqdik, yaralanganlar ham bor edi. Tez yordamga birinchi bo‘lib o‘zimiz telefon qildik. [Binoga kirgan vaqtda] holat o‘ta og‘ir edi, u yerda yotgan bemorlar ko‘p edi», — dedi u.

Voqea joyida bo‘lgan guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, portlash oqibatida vafot etganlar soni 3 ta bo‘lishi mumkin, biroq bu ma’lumot hozircha tasdiqlanmadi. Avvalroq, «Daryo» plita ostidan olib chiqilgan, keyinchalik vafot etgan qizni ikkinchi qurbon bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Portlash vaqtida tibbiyot markazi ichida bo‘lgan Muhabbat opa tibbiy ko‘rikdan o‘tish maqsadida kelganini so‘zlab berdi.

Foto: Ozod Sharobiddinov / «Gazeta.uz».

«Ko‘ringani birinchi marta kelgan joyimiz edi. Meni davleniyam bor, zuluk olsa pastlaydi degan maqsadda kelgandim. Olib bo‘lib, 10 daqiqalarda chiqib ketmoqchi bo‘lib turgandik… Yer yorildi, yer tagiga tushib ketayapmiz degan xayol keldi, xolos. Birinchi qavatda edim, pastda yerto‘la borakan. Oyogimiz tagi yorildi, tepamizdan ham sementlar (plitalar) yog‘ilib, baravar pastga tushib ketdik. Hudoga shukur yaxshiman», — dedi u.

Shahrixon tuman tibbiyot birlashmasi «Kaublxona-Diagnostika» bulim mudiri Otabek Axliddinovning ta’kidlashicha, 11 kishidan yengil jarohat olgan fuqarolarga shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilib, nazoratda bo‘lishi uchun ambulator ravishda yashash joyiga javob berilgan.

«Bularning ichida to‘liq tekshiruvdan o‘tishi kerak bo‘lgan 4 nafar bemor hozirgi vaqtda tekshiruvlardan o‘tkazilib, davolash ishlari davom etayapti. Bir nafar o‘rta og‘irlikdagi bemorimiz viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining tashabbusi bilan chuqurroq hamda mukammal tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun viloyat markaziga o‘tkazilgan. Chunki bu e’tiborga sazovor bemor bo‘lganligi uchun qo‘ldan kelgunicha kengroq qamrovli va yuqori texnologiyalar yordamida tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun markazga o‘tkazildi», — dedi shifokor.