Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahriga tramvay qaytarilishini ma’lum qildi. Bu haqda «Daryo» o‘z muxbiriga tayanib, xabar bermoqda.

10 fevral kuni Samarqand viloyatida davlat rahbari hududdagi amalga oshirilishi rejalashtirilgan yangi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Nashrning ma’lum qilishicha, Shavkat Mirziyoyev Samarqandda tirbandliklarni kamaytirish va bartaraf etish uchun ilmiy-amaliy markaz qurish kerakligini ta’kidlagan.

«Shaharda tezlikni kamaytirib, tirbandliklarni bartaraf etish kerak. Avariyalar oqibatida ko‘pgina insonlar halok bo‘lmoqda», — degan prezident.

Davlat rahbari Samarqandda tramvay bor ekanligini alohida qayd etgan.

«Tramvayni Toshkentga ham qaytarmoqchimiz. Fuqarolardan bu borada ko‘plab xatlar va murojaatlar kelyapti», — dedi u.

Telejurnalist Xayrulla Nuriddinov «O‘zbekiston-24» telekanalida efirga uzatilgan «Menimcha» ko‘rsatuvida Toshkentga tramvayni qaytarish taklifini bergan edi. U aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun ushbu ommaviy transport turini qaytarish kerakligini ta’kidlagan edi.

Toshkent tramvayining so‘nggi ish kunlarida «Gazeta.uz» bir necha marotaba ushbu qarorning xatoligiga e’tibor qaratgan edi. Hokimiyat o‘shanda tramvay samarasizligini ta’kidlab, transport muammolarini (yo‘llardagi yuklama va tirbandliklarni) yo‘llarni kengaytirish, yangi metropoliten liniyalari va yo‘l o‘tkazgichlarini qurish bilan hal qilishini aytgan edi. Biroq, rivojlangan mamlakatlarda ushbu muammolar, aksincha, yo‘llarni toraytirish, avtomobillar uchun maksimal harakatlanish tezligini pasaytirish va ommaviy transport tarmog‘ini rivojlantirish orqali hal qilinadi.