Andijon viloyatining Marhamat tumanidagi maktablardan birining direktori va o‘qituvchilari ta’lim sifati va bitiruvchilarning oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirish darajasi pastligi uchun ota-onalaridan uzr so‘rashga majbur qilingan edi. Voqea yuzasidan surishtiruv o‘tkazgan Kun.uz nashrining yozishicha, uzrxonlik tadribi tuman hokimi Boburjon Yo‘ldoshevning topshirig‘i bilan tashkillashtirilgan. Bu haqda viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i ham aytib o‘tdi.

72- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 300 nafardan ortiq ota-onadan tashqari tumandagi boshqa ta’lim muassasalari vakillari ishtirok etgan. Boshqa maktablar vakillariga uzr so‘rash majlisi namuna sifatida ko‘rsatilib, ularning maktablarida ham shunday tadbirlar o‘tkazilishi aytilgan.

Nashr manbasiga ko‘ra, bunday yig‘ilishlar o‘tkazilishi bo‘yicha topshiriqni tuman hokimi bergan. Topshiriq ijrosini ta’minlash hokimning yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Muxtorjon Qurbonov va tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Aliyaxon Abduvohidova zimmasiga yuklatilgan. Ustozlarning ta’kidlashicha, ular qarshilik qilishiga qaramasdan so‘zga chiqish va ota-onalardan uzr so‘rash qat’iyan talab qilingan.

«Kerak bo‘lsa ko‘zyosh to‘kishimiz haqida ham aytishdi. Ayrim ustozlar chidab tura olmadi. O‘ttiz yildan buyon o‘quvchilarga ta’lim berayotgan ustozlar ham tik turishga majburlandi. Hammasi ssenariy bo‘yicha bo‘ldi. Qaysi so‘zni aytishimiz, qachon sahnaga chiqishimiz — hammasi oldindan rejalashtirilgan edi», — deydi tadbirda ishtirok etgan o‘qituvchilardan biri.

Bundan tashqari, 3 fevral kuni repetitsiya qilish ham kelishib olingan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra tayyorgarlik ko‘rish, so‘zga chiqqanlarning ma’ruzalarini tinglash 4 fevral kuniertalab amalga oshirilgan.

Maktab direktori Muqaddamxon Hasanovaning ta’kidlashicha, u dastlab bu majlisga qarshi chiqqan. Biroq tuman hokimi o‘rinbosarining iltimosiga binoan o‘tkazishga rozi bo‘lgan.

U majlisda maktabdagi so‘nggi uch yillik faoliyat bo‘yicha hisobot bergan. Hisobotning tanqidiy qismi boshlangan paytda maktab o‘qituvchilari zalga olib kirilgan va qator qilib turishlari aytilgan. Direktor ma’ruzasidan so‘ng, oldindan tayyorlangan o‘qituvchilar o‘z fanini yaxshi o‘qita olmayotgani uchun uzr so‘rashgan, deb yozdi Kun.uz.

Biroq tadbir davomida o‘qituvchilarning boshini egib turishini hazm qila olmagan ota-onalar va o‘qituvchilarning o‘zlaridan e’tirozlar bo‘lgan.

«Ustozni bunaqa qilish kerak emas. Men o‘sha kuni chidab tura olmadim. Chiqib bu ishlari noto‘g‘ri ekanini aytdim. Aslida ular emas, biz tik turishimiz, ustozlar esa o‘tirib bizni tomosha qilishlari kerakligini ta’kidladim. Besh qo‘l barobar emas ekan-da», — deya ta’kidladi ota-onalar vakili Hikmatulla Ataxanov.

Ikki soatdan ortiq davom etgan tadbirda o‘qituvchilar bir soat tik oyoqda turishgan.

«Bir hamkasbimiz olti oy oyog‘i gipsda yurib, yaqinda ishga chiqqan edi. Uni ham tik turg‘izib qo‘yishdi. Yiqilib tushay dedi. Juda ko‘p o‘qituvchilar o‘sha yig‘ilishdan keyin shu kasbni tanlaganidan afsuslanganini aytishdi», — dedi shu maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlovchi, yig‘ilishda ota-onalar vakili sifatida qatnashgan Ominaxon Xolmirzayeva.

Tuman hokimi Bobur Yo‘ldoshev va uning o‘rinbosari esa uzr so‘rash bo‘yicha topshiriq bo‘lmaganini aytib, bu tadbirdan ko‘zlangan maqsad ustozlar va ota-onalar hamkorligini kuchaytirish ekaniga urg‘u berishdan nariga o‘tishmagan.

«Bu topshiriqni men berganman. Lekin uzr so‘ratish bo‘yicha emas. U yerda uzr so‘ratilmagan. Tumandagi 45ta maktab direktoriga so‘nggi uch yillikda muassasasidagi yutuq va kamchiliklar xususida murojaat qilishi aytilgan. Ta’limni o‘qituvchi, tarbiyani ota-ona berishi haqida tushuntirish maqsad bo‘lgan», — deya izoh bergan tuman hokimi.

U o‘qituvchilar tomonidan aytilgan barcha iddaolarni rad qildi.

Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilovmaktab o‘qituvchilari ota-onalar oldida ta’lim sifatining pastligi uchun uzr so‘rashlari kerak bo‘lgan yig‘ilishlarni o‘tkazish tashabbusi shaxsan Marhamat tumani hokimi Boburjon Yo‘ldoshevga tegishli bo‘lganini ta’kidladi.

Xalq ta’limi vaziri Baxtiyor Saidov yuz bergan holatni nafaqat o‘qituvchilarning sha’nini yerga urish balki davlat siyosatiga qarshi amalga oshirilayotgan harakat deb baholashini aytdi. U qituvchilardan o‘z qadr-qimmatlarini yergaurishga yo‘l qo‘ymasliklarini so‘rab, «Sizning budarajada boshingizni yerga qaratishga hech kimning haqqi yo‘q!» — dedi.

Yanvar oyi oxirida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda prezident maktab ta’limini rivojlantirish bo‘yicha kengashlar tashkil etilishini ma’lum qilgan edi. Respublika kengashiga davlat rahbarining shaxsan o‘zi, tuman va viloyat kengashlariga esa viloyat va tuman hokimlari boshchilik qilishini aytdi.